Dunyoning xaroba maskanlari

Xaroba, deyilganda qulayliklar mavjud bo‘lmagan joy, qo‘lbola materiallardan yasalgan faqir kulbalar, chiqindi bilan to‘ldirilgan tor ko‘chalar, keraksiz narsalar saqlanadigan joy, ochiq osmon ostidagi oshxonalar, juldur kiyingan odamlar, kirlab ketgan bolalar xayolingizga keladi.

Bunday xaroba maskanlarni rivojlangan shaharlarning qoq markazida, o‘ta qimmat kvartallarning yonginasida bo‘lishi mumkin. Hatto bunday joylar taraqqiy etgan mamlakatlarda ham mavjud va hukumat uchun ko‘plab muammolarni yuzaga keltiradi.

Albatta, mutasaddi idoralar bu muammolardan xabardor. Lekin ular bu maskanlarni tubdan o‘zgartira olmaydi va xarobalarda ko‘plab odamlar yashaydi.

Makaoda mahalliy amaldorlar karton va tayoqlardan yasalgan noqonuniy “inshoot”larni buzishga uringan edi. Bu harakat norozilik namoyishlari to‘lqinini keltirib chiqardi.

Venesuela poytaxti Karakasda rasmiylar ko‘p yillardan beri qurilishi tugallanmagan 45 qavatli Dovud minorasini egallab olgan uysiz odamlarni jilovlashga urinib kelmoqda. Lekin bu ham natija bermadi.

Dunyoning mashhur xarobalari - “favela”lar Braziliyada, Rio-de-Janeyroda joylashgan. Bu yerdagi favelalar Janubiy Amerikadagi eng yirik va eng mashhur xarobalardan biri sanaladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rosinya aholisi taxminan 100 000 kishini tashkil etadi. Noqonuniy muhojirlarni ham qo‘shsangiz, bu raqam yanada kengayadi.

Qohiradagi (Misr) “O‘liklar shahri” qadimgi arab qabristonida joylashgan. Bu yerdagi aholi uyga o‘xshatib biror narsa qurishni o‘ylab ham ko‘rmaydi - qabrlar, daxmalar va maqbaralar orasida yashaydi.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, “O‘liklar shahri”da milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi va ularning katta qismi yosh bolalardir.

Osiyodagi eng yirik xarobalardan biri Hindistonning Mumbay shahrida joylashgan Dxaravi manzilgohi. 215 gektar maydonni egallagan Dxaravi xarobasini ham milliondan ortiq odam makon tutgan.

Bu yerdagi 10 metr kvadratdan oshmaydigan bitta kulbada besh-o‘n kishi yashaydi. Oqova tizimi, hojatxona, cho‘milish imkoniyati yo‘q. Aholi bu kabi ishlarni daryo bo‘yida bajaradi.

Shuningdek, Dxaravi xarobalarida mahsulotlarini butun mamlakat bo‘ylab eksport qiluvchi mini-zavodlar va kichik fabrikalar joylashgan. Odamlar bu muassasadagi mehnati evaziga kuniga 2 dollardan oshmaydigan maosh oladi. Lekin hech kim shikoyat qilmaydi. O‘z taqdirini boricha qabul qilishadi.