Dunyodagi mashhur binolar haqida qiziqarli ma’lumotlar

Sayyoradagi taniqli binolar haqida ko‘plab qiziqarli tafsilotlar bor. Qaysi bino o‘zini ta’mirlay olishi” mumkinligi yoki qaysisi fillar yordamida qurilganligi haqida eshitganmidingiz?

Eyfel minorasi yaratuvchisi uning tepasida yashagan

Sena daryosi bo‘ylab suzib yuruvchi qayiqlar va daraxtlar bilan o‘ralgan Eyfel minorasi yaratuvchisi Gustav Eyfel minoraning eng yuqori qavatida o‘zi uchun shaxsiy kvartira yaratganini kam odam bilsa kerak.

Tanho kvartirada qulaygina kursi, yog‘och shkaflar va hatto royal ham bor edi. Parijliklarning saxiy takliflariga qaramay, Eyfel uni ijaraga berishdan qat’iyan bosh tortgan ekan. 1923 yilda uning vafotidan keyin makon jamoatchilik uchun yopiq bo‘lib qoldi. Deyarli bir asr o‘tgach, faqat 2015 yilga kelib, kvartira mini-muzeyga aylantirildi.

Toj Mahal qurilishida mingdan ortiq fil ishtirok etgan

Shoh Jahon buyrug‘i bilan uning marhum rafiqasi Mumtoz Mahalga bag‘ishlab qurilgan yodgorlik kechki osmon fonida o‘zining ajoyib go‘zalligini namoyon qiladi. Ulkan gumbaz va to‘rtta ko‘rkam minora - bularning barchasi azaldan me’morchilik mukammalligining ramzi bo‘lib keladi.

20 mingdan ortiq hunarmand, kosiblar va ishchilar sa’y-harakatini talab qilgan ushbu hind durdonasining qurilishi 22 yil davom etgan. Hayratlanarlisi, qurilishda O‘rta Osiyo, Yaqin Sharq va Hindistonning turli burchaklaridan keltirilgan og‘ir qurilish materiallarni olib o‘tishda mingdan ortiq fillar ishtirok etgan.

Bugungi kunda bu me’moriy ramz YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va dunyoning yetti mo‘’jizasidan biri sifatida e’tirof etiladi.

Kolizey shikastlangan joyini o‘zi tuzata olishi mumkin

Ko‘p asrlar davomida Kolizeyni o‘rganib kelayotgan olimlar 2017 yilda ushbu me’moriy mo‘’jiza ichida yashiringan ajoyib sir - toza shag‘al, so‘ndirilgan ohak (bir necha oy davomida suvda namlangan ohak) va so‘ndirilmagan ohak (o‘choqdan yangi chiqqan ohak) o‘zini mustahkamlashi mumkin bo‘lgan beton turini hosil qila olishini kashf qilishdi.

So‘ndirilmagan ohak betonning qattiqlashishini tezlashtiradi va aralashtirish jarayonida qorishmaga qo‘shilsa, uni yanada mustahkamlaydi. Bundan tashqari, atrof-muhitdagi uglerod ta’sirida betonning teshiklari yopiladi. Shu sababli, qurilishdan so‘ng asrlar o‘tgan bo‘lsa-da, Kolizey “tanasida” hosil bo‘lgan yoriqlarni bir necha kun ichida o‘zi ta’mirlab qo‘yar ekan.

Piza minorasi hech qachon egilmasligi kerak edi

Qurilishi 1173 yilda boshlangan minora besh yil ichida egila boshlagan. Buning sababi zaif poydevor va beqaror tuproq edi.

Asrlar davomida muhandislar minoraning barqaror turishini ta’minlash va egilishni to‘xtatishga harakat qilib keladi. Ba’zi urinishlar muammoni yanada kuchaytirdi va minora qulashi mumkinligi haqida jiddiy xavotirlarni uyg‘otdi.

Egilish xavfli darajaga yetgan 2001 yilda inshootni mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli muhandislik operatsiyasi amalga oshirildi. Endilikda Piza minorasi kamida yana 200 yil turishiga mutaxassislarning ishonchi komil.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.