Shodiyaning kecha boshlagan ishi bugun oilaviy biznesga aylandi
Yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlikka keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar amaliy natija beryapti.
Ayniqsa, Prezidentimizning 153-son qarori asosida yoshlarga yer maydonlari ajratilishi ko‘plab oilalar hayotida yangi burilish yasamoqda. Kattaqo‘rg‘on tumani Qumoq mahallasida ham mazkur qaror ijrosi doirasida e’tiborga loyiq ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, 2024 yilda mahalladagi 73 nafar yoshga jami 23 gektar yer maydoni ajratildi. Natijada ilgari doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan ko‘plab yoshlar bugun dehqonchilik orqali o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda.
Ajratilgan yer maydonlarida yoshlar tomonidan turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda. Bu esa nafaqat oilalar daromadini oshirish, balki bozorlardagi mahsulotlar yetkazib berilishida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ana shunday mehnatkash yoshlardan biri — Shodiya Yo‘ldoshova. U qaror asosida ajratilgan yer maydonidan unumli foydalanib, qisqa vaqt ichida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Dastlab 8 sotix maydonda qulupnay yetishtirishni boshlagan yosh tadbirkor bir mavsum davomida mevasidan 80 million so‘m, ko‘chatidan esa 40 million so‘m daromad olishga muvaffaq bo‘ldi. Bugungi kunda esa faoliyatini yanada kengaytirib, 15 sotix maydonda ish olib bormoqda.
E’tiborlisi, Shodiya Yo‘ldosheva ushbu faoliyatni oilasi bilan birgalikda yo‘lga qo‘ygan. Turmush o‘rtog‘i va farzandlari bilan birgalikdagi mehnat bugun oilaviy tadbirkorlikka aylanib ulgurgan. Ular tomonidan yetishtirilayotgan sarxil mahsulotlar bozor rastalari orqali xalqimiz dasturxoniga yetkazib berilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yoshlarni yer bilan ta’minlash orqali nafaqat ularning bandligi hal etilmoqda, balki qishloq xo‘jaligida yangi tajribalar, samarali yondashuvlar va zamonaviy usullar ham keng joriy qilinmoqda.