“Tenge iluv”: O‘zbek chavandozlari jahon chempionatida munosib ishtirok etdi

Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahrida gi markaziy ippodromda etnosportning “Tenge iluv” yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash o‘rinliki, “Tenge iluv” — qadimiy milliy ot sporti turlaridan biri bo‘lib, u asosan Markaziy Osiyo xalqlari orasida keng tarqalgan. Mazkur o‘yin chavandozdan yuqori darajadagi jismoniy tayyorgarlik, chaqqonlik, muvozanat va jasoratni talab qiladi. Musobaqa jarayonida chavandoz otni katta tezlikda boshqargan holda yerda yotgan tanga yoki maxsus buyumni egilib olishi kerak bo‘ladi. Shu jihati bilan “Tenge iluv” nafaqat sport, balki haqiqiy mahorat va irodaning sinovi hisoblanadi.

Tarixiy manbalarga ko‘ra, ushbu o‘yin qadim zamonlarda jangchilarning chaqqonligi va ot ustidagi mahoratini oshirish maqsadida mashq sifatida shakllangan. Keyinchalik esa xalq o‘yini va milliy musobaqa sifatida rivojlanib, bugungi kunda etnosportning eng mashhur yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Tenge iluv” yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston, Afg‘oniston, Qirg‘iz Respublikasi, Xitoy, Mo‘g‘uliston, Rossiya Federatsiyasi, Turkmaniston hamda Qozog‘istondan kelgan chavandozlar ishtirok etib, milliy ot sportidagi mahorati, jasorati va yuqori tezligini namoyon etdilar.

Musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qilgan sportchilar orasida Namangan chavandozlar maktabi tarbiyalanuvchisi Kodirjon Egamberdiyevning ishtiroki alohida e’tirofga loyiq bo‘ldi. U jahon chempionatining kumush medaliga sazovor bo‘lib, o‘zbek milliy ot sporti maktabining salohiyatini xalqaro maydonda namoyon qildi.

E’tiborli jihati, ushbu musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor ayol chavandozlar bilan ishtirok etdi. O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi vakilalari Viktoriya Spitsina hamda Mo‘mina Daminova jahon chempionatida munosib qatnashib, xalqaro tajriba orttirdi.

Shubhasiz, milliy va an’anaviy etnosport turlari kelgusida ham millionlab muxlislarni o‘ziga jalb etadi. Bunday musobaqalar nafaqat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga, balki yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, xalqlarning boy madaniy merosini asrab-avaylashga ham xizmat qiladi.

Erkin Abzalov,

O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi prezidenti maslahatchisi.