“Sizga ma’lumot berolmaymiz, rahbarimiz aytgan”
Yaqinda ish yuzasidan bir davlat tashkilotidan ma’lumot so‘radim. Tashkilot mas’ul xodimi “Sizga ma’lumot berolmaymiz, rahbarimiz aytgan” dedi.
- Nega? - deb so‘radim hayron bo‘lib.
- Siz bizning tashkilotni tanqid qilgansiz. Esingizdami?
- Yo‘q, nima deb tanqid qilibman?
Shunda u bir necha kun avval bir olim bilan suhbatlashganimni eslatdi. Suhbat muayyan tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida edi. Tabiiyki, har qanday tahliliy suhbatda bo‘lgani kabi yutuqlar bilan birga, muammolar va yechimini kutayotgan kamchiliklar haqida fikrlar aytilgan, turli tashkilotlar qatorida ushbu muassasa ham tilga olingan edi.
Shu holat ma’lumot bermaslik uchun asos bo‘libdi. Savol tug‘iladi, o‘sha tashkilot noo‘rin tanqid qilingan bo‘lsa, nega material e’lon qilinishi bilan e’tiroz bildirmadi, munosabat bermadi yoki holat yuzasidan tegishli joylarga murojaat qilmadi?
Mavridi kelganda aytay, ayrim rahbarlar haligacha ommaviy axborot vositalaridan qochadi, hamkorlikda ishlamaydi. Buni aksariyat tashkilotlarda (yuqoridagi kabi) axborot xizmati rahbari vazifasini boshqa bir xodimga yuklatilganidan ham bilish mumkin.
Aslida gap o‘sha tashkilot menga ma’lumot bermaganida emas, balki tizimda tanqidni hali-hamon to‘g‘ri qabul qila olmayotganlar borligida. Vaholanki, tanqidning mohiyati yomonlash emas, muammoni ko‘rsatish va uni bartaraf etish. Eng qizig‘i, suhbatda aytilgan fikrlar mening shaxsiy xulosalarim emasdi. Ular sohada ko‘p yillik tajribaga ega olimning mulohazalari edi. Agar har bir tanqidiy fikr uchun jurnalist “qora ro‘yxat”ga tushsa, muammolar haqida kim gapiradi?
Davlat tashkilotlari byudjet mablag‘lari hisobiga faoliyat yuritadi, boshqacha aytganda, fuqarolar to‘laydigan soliqlardan maosh oladi. Shunday ekan, ulardagi axborot ham, qonunchilikda belgilangan cheklovlardan tashqari jamoatchilik uchun ochiq bo‘lishi kerak emasmi?
Ma’lumot berish yoki bermaslik jurnalistning munosabatiga emas, qonun talablariga asoslanishi lozim. Chunki har bir e’tiroz ortida jamiyatning ma’lum bir ehtiyoji bor. Ayniqsa, mamlakatimizda ochiqlik siyosatiga yo‘l berilayotgan davrda bu kabi yondashuvlar saqlanib qolayotgani achinarli.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.