Noqonuniy undirilgan 5,6 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ tadbirkorga qaytarildi
Sirdaryo viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan “T.G.” MChJ rahbari bank tomonidan noqonuniy undirilgan mablag‘ini qaytarishda amaliy yordam so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Vakil devonining Samarqand viloyati hududiy shu’basi tomonidan o‘rganilganda, “Mikrokreditbank” Samarqand filiali tomonidan “T.G.” MChJning “Aloqabank” Samarqand filialidagi hisobvarag‘iga to‘lov talabnomasi qo‘yilgani aniqlandi. Mazkur to‘lov talabnomasi asosida tadbirkorning hisobvarag‘idan boshqa bir korxona — “A.M.S.” MChJning kredit qarzdorligini qoplash uchun jami 5,6 mlrd so‘m mablag‘ akseptsiz tartibda undirib olingan.
Biznes-ombudsman tomonidan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga taqdimnoma kiritildi. Natijada noqonuniy undirilgan 5,6 mlrd so‘m pul mablag‘i tadbirkorning bank hisobvarag‘iga to‘liq qaytarilib, asossiz qo‘yilgan to‘lov talabnomasi bekor qilindi.
Shuningdek, tijorat banki mansabdor shaxslarining xatti-harakatlariga huquqiy baho berish uchun to‘plangan materiallar prokuratura organlariga yuborildi.