Hayotni qalam bilan o‘lchagan inson xotirasiga ehtirom

Samarqand shahrida o‘zbek jurnalistikasi taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan taniqli jurnalist, mohir publitsist Ahmadjon Muxtorov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda ustoz jurnalistning hayoti va sermazmun ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan «Ahmadjon Muxtorov zamondoshlar xotirasida» hamda «Umrning oltin tarozisi» kitoblarining taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, respublika va viloyatda faoliyat yuritayotgan jurnalistlar, siyosat arboblari, adiblar, ziyolilar, Ahmadjon Muxtorovning yaqinlari, shogirdlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Ahmadjon Muxtorovning hayot yo‘li, jurnalistik faoliyati va mamlakatimiz matbuoti rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritildi. Ta’kidlanganidek, A.Muxtorov mehnat faoliyatini Samarqand viloyatining o‘sha davrdagi «Lenin yo‘li» (hozirgi «Zarafshon») gazetasida boshlab, o‘zining o‘tkir qalami, xolisligi va yuksak kasbiy mahorati bilan keng jamoatchilik e’tiborini qozondi. Keyinchalik respublika matbuotining nufuzli nashrlaridan biri — «Qishloq haqiqati» gazetasida samarali faoliyat yuritib, qishloq hayoti, mehnatkash insonlar turmushi va mamlakat taraqqiyotiga oid dolzarb mavzularni keng yoritdi.

Mustaqillik yillari milliy jurnalistika tarixida yangi sahifa ochildi. Ana shu jarayonda Ahmadjon Muxtorov 1991 yilda mamlakatimizdagi eng yirik ijtimoiy-siyosiy nashrlardan biri bo‘lgan «Xalq so‘zi» gazetasini tashkil etishda bosh-qosh bo‘ldi. Uning tashabbusi va rahbarligida gazeta mustaqil O‘zbekistonning demokratik taraqqiyoti, davlat siyosati va jamiyat hayotini xolis yorituvchi nufuzli nashr sifatida shakllandi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Ahmadjon Muxtorovning jurnalistika sohasidagi xizmatlari, kasbiga fidoyiligi, haqiqatga sodiqligi va yosh ijodkorlarni tarbiyalashdagi beqiyos hissasini alohida ta’kidladilar. Qayd etilganidek, u nafaqat yetuk jurnalist, balki yuzlab qalam ahli uchun haqiqiy ustoz, hayot maktabi bo‘lgan inson edi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalistlar Jabbor Razzoqov va Shuhrat Jabborov ustoz bilan birga bosib o‘tgan ijodiy yo‘l haqida samimiy xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Ahmadjon Muxtorovning insoniy fazilatlari, mehnatsevarligi, prinsipialligi va har bir maqolaga katta mas’uliyat bilan yondashishini eslab, bugungi avlod jurnalistlari uchun ham uning hayot yo‘li ibrat namunasi ekanini ta’kidladilar.

Telejurnalist, Ahmadjon Muxtorov haqida bir qator hujjatli filmlar muallifi Ro‘ziboy Qo‘ldoshev ham ustoz haqida iliq xotiralarini so‘zlab berdi.

- Ahmadjon Muxtorov haqida hujjatli videolavhalar tayyorlash jarayonida u kishining faqat yetuk jurnalist emas, balki yuksak ma’naviyatli, odamlarga mehribon, haqiqatga sadoqatli inson ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim, - dedi R.Qo‘ldoshev. - U kishining bosib o‘tgan hayot yo‘li, jurnalistikaga qo‘shgan hissasi, hamkasb va shogirdlarga bo‘lgan munosabati har qanday ijodkor uchun ibrat maktabidir. Bunday insonlarning hayoti va merosini kelajak avlodga yetkazish barchamizning ma’naviy burchimiz, deb bilaman.

Tadbir davomida Ahmadjon Muxtorov hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi videolavha namoyish etildi.

Ta’kidlanganidek, Ahmadjon Muxtorov qoldirgan boy ijodiy meros, jurnalistikadagi prinsipial pozitsiyasi, haqiqatga sadoqati va Vatan ravnaqi yo‘lidagi fidokorona mehnati bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Uning hayot yo‘li va ijodiy faoliyati milliy jurnalistika tarixining yorqin sahifalaridan biri sifatida ibrat maktabi bo‘lib qoladi.