“Zarafshon”ga yuragini bog‘lagan jurnalist edi
Hamkasbimiz Normuhammad Sayfiddinov agar hayot bo‘lganida, shu kunlarda 76 yoshni qarshi olardi. Afsuski, u kishi 47 yoshida, ijodining eng jo‘shqin, sermahsul pallasida og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etdi.
Normuhammad aka institutni tamomlagach, dastlab o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullandi. Keyinchalik Jizzax viloyatining Paxtakor tumani gazetasida ish boshlab, muxbirlik sir-asrorlarini puxta o‘zlashtirdi. Mehnatsevarligi, izlanuvchanligi va mas’uliyati tufayli qisqa fursatda mas’ul kotib lavozimigacha ko‘tarildi. Bu davr uning kasbiy kamoloti uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qildi.
Yaxshi eslayman, Normuhammad aka “Zarafshon” gazetasida faol ijod qildi. Ayniqsa, sport mavzusidagi materiallari bilan o‘quvchilar e’tiborini qozondi, sport bo‘limiga rahbarlik qildi. Uning maqolalarida hayotiylik, samimiyat va tahliliy yondashuv yaqqol sezilib turar edi. Keyinchalik u “Samarqand” gazetasiga muharrir etib tayinlandi. Bu vazifada ham u o‘zining tashabbuskorligi, tashkilotchilik qobiliyati va ijodiy salohiyati bilan jamoa hurmatini qozondi.

Men “Zarafshon” gazetasiga ishga kelganimda, Normuhammad aka allaqachon “Samarqand” gazetasida muharrir sifatida faoliyat yuritayotgan ekan. Shunga qaramay, u kishi ko‘p yillik qadrdon maskani bo‘lgan “Zarafshon” tahririyati bilan aloqani uzmadi. Vaqti topildi deguncha bu yerga kelib, hamkasblar bilan suhbatlashar, gazeta sahifalarida chiqqan maqolalarni muhokama qilar, yangi mavzu va g‘oyalar ustida fikr almashar edi.
Normuhammad aka tabiatan xushchaqchaq, ochiqko‘ngil va samimiy inson edi. U jamoani doimo birlikka, sog‘lom turmush tarziga chorlar, sport bilan shug‘ullanishga ilhomlantirardi. Uning tashabbusi bilan ko‘plab sport tadbirlari o‘tkazilgani ham yodimda. Mashhur sportchi Mamajon Ahmedov sulolasi haqida yozgan “Polvon” hujjatli qissasi esa uning ijodiy izlanishlari naqadar keng qamrovli ekanini ko‘rsatadi.
U nafaqat mohir jurnalist, balki ibratli ota ham edi. Turmush o‘rtog‘i Mo‘’tabar aya bilan birgalikda Bahodir, Akmal, A’zam va Dildora ismli farzandlarni tarbiyalab, ularni hayotda o‘z o‘rnini topadigan insonlar etib voyaga yetkazdi.
Bugun biz, tahririyat xodimlari, Normuhammad Sayfiddinovni har yili, har doim samimiyat bilan yodga olamiz. Uning yorqin xotirasi, samimiy kulgusi, mazmunli suhbatlari va boy ijodiy merosi qalbimizda abadiy saqlanadi. U kishi ortida qoldirgan ezgu ishlar va ibratli hayot yo‘li esa kelajak avlod jurnalistlari uchun hamisha o‘rnak bo‘lib xizmat qilaveradi.
Dilmurod To‘xtayev.