Maqolada bildirilgan tanqidiy holatlar yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqildi

Yaqinda “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri qabul qilinishi mamlakatimiz sport sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi. Qonun bilan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi munosabatlar tartibga solinib, sohani boshqarish, sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, sport ta’limi, infratuzilma va ommaviy sportni rivojlantirish masalalari mustahkam huquqiy asosga ega bo‘ldi.

Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida esa jismoniy tarbiya va sport sohasini yanada rivojlantirish, nufuzli musobaqalarga seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish, ixtisoslashtirilgan sport maktablari, sport federatsiyalari faoliyatini kuchaytirish yuzasidan qator muhim vazifalar belgilab berildi. Yig‘ilishda ayrim ixtisoslashtirilgan sport maktablarining natijalari oddiy sport maktablaridan keskin farq qilmayotgani, federatsiyalar faoliyatidagi kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi. Shu asosda sohada mas’uliyatni yanada oshirish bo‘yicha har bir tashkilot va mutasaddi rahbar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.

Zarnews.uz saytida yoritilgan “Sport sohasidagi muammolar: natijalar qoniqarsiz, terma jamoaga sportchilar yetkazib berilmayapti, federatsiyalarga homiylar biriktirilmagan” sarlavhali maqolada ushbu topshiriq va vazifalardan kelib chiqib, viloyatimiz sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilingan.

Maqolada soha infratuzilmasi, sportchilarning tayyorgarligi, moddiy-texnik baza, federatsiyalar faoliyati va yuqori natijalarga erishish istiqbollari haqida qator o‘rinli fikr va mulohazalar bildirilgan. Unda ko‘tarilgan masalalar viloyat sport boshqarmasi hamda mutasaddi tashkilotlar tomonidan atroflicha o‘rganilib, har bir tanqidiy holat yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Albatta, maqolada sohadagi muammolarni ochiq muhokama qilish, bunda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan xalqimiz oldida hisobdorlikni ta’minlash masalalari ko‘tarilgan.
Ayni paytda viloyatda 4 ta ixtisoslashtirilgan va 23 ta sport maktablari faoliyat yuritmoqda. Ushbu muassasalarda minglab yoshlar sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha shug‘ullanmoqda. Ayniqsa, iqtidorli va istiqbolli sportchilarni saralab olish, ularni yuqori bosqichga tayyorlash, milliy terma jamoalar uchun munosib zaxira yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirish, ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada jonlantirish oldimizda turgan muhim vazifadir.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 23 dekabrdagi “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Samarqand shahrida zamonaviy gimnastika markazi barpo etilmoqda. Ayni paytda markazning asosiy gimnastika zali, kiyinish va yuvinish xonalarini qurish ishlari yakunlandi. 160 o‘rinli yotoqxona va oshxona binolarini zamonaviy mebel va jihozlar bilan ta’minlash, qurilish ishlarini to‘liq yakunlash bo‘yicha qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi belgilangan. Markaz nafaqat viloyatimiz, balki respublika miqyosida iqtidorli gimnastikachilarni tayyorlashga xizmat qiladigan muhim sport inshootiga aylanishi kutilmoqda.

Hozirgi kunda 15 ta sport muassasasida badminton guruhlari faoliyat ko‘rsatib, 16 nafar trener-murabbiy qo‘l ostida 414 nafar yosh shug‘ullanmoqda. 2024 yil viloyatimiz vakili Damir Hayitov ushbu sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2025 yilda “Besh tashabbus paralimpiadasi”ning respublika bosqichida Munisa Karimova faxrli ikkinchi o‘rin sohibi bo‘ldi. O‘tgan yil Samarqand tumanidagi 1-sport maktabida “Para badminton” guruhi tashkil etildi. Hozirda Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan mamlakat chempionatida viloyatimizdan 8 nafar para sportchi ishtirok etmoqda. Samarqand shahridagi “Badminton markazi”da 6 ta xalqaro talablarga javob beradigan kort-maydon mavjud bo‘lib, unda sportchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Kelgusida mazkur sport turini yanada ommalashtirish, iqtidorli sportchilar sonini ko‘paytirish va sport bazalarini zamonaviy inventarlar bilan ta’minlash ishlari davom ettiriladi.

Regbi o‘yini ommalashtirish bo‘yicha ham viloyatda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Regbi sportini ommalashtirish uchun 3 ta baza biriktirilgan. Regbi federatsiyasi viloyat bo‘limi 2015 yilda tashkil etilgan bo‘lsa-da, albatta, har qanday sport turida yuqori natijaga erishish uchun bu qisqa muddat hisoblanadi. Shunga qaramay, viloyatimiz regbichilari mahalliy va xalqaro musobaqalarda 13 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ushbu sport turini yanada rivojlantirish maqsadida federatsiya bazalarini zarur sport jihozlari, himoya vositalari, regbi to‘plari va maxsus kiyimlar bilan ta’minlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

“Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi tomonidan o‘q otish sport turini rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Mashg‘ulot bazalarining asosiy qismi ushbu tashkilot hududiy bo‘limlari tasarrufida bo‘lib, sportchilar uchun munosib sharoit yaratish, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash va murabbiylar malakasini oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2024 yilda Buxoro shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida sportchilarimiz umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani sohada amalga oshirilgan tizimli ishlar samarasidir.

Prezidentimizning 2024 yil 8 noyabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi tashkil etildi. Bugun mazkur assotsiatsiyaning Samarqand viloyati hududiy bo‘limi faoliyat yuritmoqda. Bu yo‘nalishda adaptiv sportni rivojlantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga keng jalb etish, ular uchun musobaqalar va sport tadbirlarini tashkil qilish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Sportni rivojlantirish uzluksiz va mas’uliyatli jarayon. Sport infratuzilmasini yaxshilash, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yuqori natijalarga erishish va aholini ommaviy sportga keng jalb etish borasidagi ishlarimiz bundan keyin ham izchil davom etadi. Jarayonda ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar va jamoatchilikning xolis fikri, takliflari biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Viloyat sport boshqarmasi.