Biotibbiyot muhandisligi qanday kasb?

Zamonaviy tibbiyotni murakkab texnikasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Jumladan, butun dunyo tibbiyotida muhim o‘rin egallab kelayotgan biotibbiyot muhandisligi - tibbiyot, fizika, elektronika va muhandislik ishini birlashtirgan bilim sohasidir.

Bu kasb egalari na shifokor, na muhandis, ular bir vaqtning o‘zida «ikki tilda» gaplashadi: inson fiziologiyasini tushunadi va aynan shu fiziologiya bilan o‘zaro ta’sirlashadigan texnikani loyihalashtira oladi. Shifokorlar har kuni foydalanadigan uskunalarni ishlab chiquvchi, sinovdan o‘tkazuvchi va takomillashtiruvchi ham aynan shu kasb egasi hisoblanadi.

So‘nggi o‘n yil ichida tashxis qo‘yish va davolash qay darajada o‘zgarib borayotganini o‘ziyoq ushbu ishning miqyosini ko‘rsatadi. Birgina misol, aqlli sensorlar bemorning yurak ritmi, tana harorati va qondagi kislorod darajasini uzluksiz kuzatib boradi va shifokorga signal beradi. Asab impulslari orqali boshqariladigan zamonaviy protezlar odamlarga to‘laqonli harakatlanish va ishlash imkoniyatini qaytaradi. MRT va kompyuter tomografiyasi apparatlari jarrohlik aralashuvisiz organizm ichidagi patologiyani ko‘rish imkonini beradi. Teletibbiyot tizimlari esa uzoq tumanda yashayotgan bemorga uyidan chiqmasdan turib poytaxt shifoxonalaridagi mutaxassislardan maslahat olish imkonini yaratadi.

Ushbu yechimlarning birortasi ham tasodifan paydo bo‘lmaydi - ularning ortida ko‘p yillik muhandislik hisob-kitoblari, klinik sinovlar hamda shifokorlar bilan texnik mutaxassislar o‘rtasidagi birgalikdagi mehnat turadi. Bunday mutaxassislarga bo‘lgan talab faqat ortib boraveradi. Shu bilan birga klinik amaliyotga sun’iy intellekt, erta tashxislash tizimlari va robotlashtirilgan jarrohlik faol kirib bormoqda. Bunday sharoitda faqat shifokorning yoki faqat muhandisning bilimi yetarli emas - ikki yo‘nalishni birlashtira oladigan kadrlar zarur. Ko‘plab mamlakatlarda biotibbiyot muhandisligi bilan bog‘liq mutaxassisliklarning eng talab yuqori va yuqori haq to‘lanadigan sohalar qatoriga kirishining sababi ham shunda.

Ushbu tendensiya yurtimizda ham kuchayib bormoqda. Oliy ta’lim muassasalarimizda biotibbiyot muhandisligi yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan yo‘nalishlarning ochilishi kelajakda murakkab tibbiy uskunalarning faqat foydalanilibgina qolmay, balki mahalliy mutaxassislar qo‘li bilan yaratilishi uchun ham asos bo‘ladi.

Ikki yildirki, universitetimizda biotibbiyot muhandisligi yo‘nalishi bo‘yicha talabalar tahsil olishmoqda. Ularga eng malakali professor-o‘qituvchilar saboq berib kelmoqda. Joriy yilda bir nechta talabalarimiz turli tanlov, fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni egallab kelishdi. Xususan, 2 nafar iqtidorli talabamiz Xalqaro tibbiyot olimpiadasida faxrli 2-3-o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Fizika, biologiya va texnikaga birdek qiziqadigan yoshlar mana shu kasbga e’tibor qaratsalar kelajakda sohaning yetuk mutaxassislariga aylanishadi. Bu shunchaki talab yuqori bo‘lgan mutaxassislik emas, balki boshqalarning sog‘lig‘i va hayotini yaxshilashda xizmat qiladigan kasbga aylanib bormoqda.

Sharofiddin Sharipov,
SamDTU Informatsion texnologiyalar, biofizika va tibbiy fizika kafedrasi assistenti.