Yozgi ta’til va ota-ona muammosi yoki vaqt - umr daftari, uni rejalashtirish kerakmi?

Iyun oyining issiq kunlaridan biri. Kechki salqinda choy ustida er-xotin - Mahmud aka va Zuhra opaning suhbati uzoq davom etdi. Suhbat mavzusi esa har yili takrorlanadigan, ammo yechimi topilishi qiyin bo‘lgan masala: bolalarning yozgi ta’tili.

- Dadasi, ta’til ham boshlandi. Rostini aytsam, bolamizning vaqtini qanday tashkil qilishni bilmay qoldim, - dedi Zuhra xavotir bilan.

- Nima uchun? - deb so‘radi Mahmud aka.

- Maktab yo‘q. Ertalab kech uyg‘onadi. Telefonda o‘tiradi. Ba’zan multfilm ko‘radi, ba’zan o‘yin o‘ynaydi. Kun qanday o‘tib ketganini o‘zlari ham sezmaydi.

- Ha, bu faqat bizning emas, butun mahallaning, balki butun jamiyatning dardi, - dedi Mahmud aka xo‘rsinib. - Bolalarga «telefonni qo‘y», «kitob o‘qi» deganing bilan foydasi bo‘lmaydi. Chunki ularda aniq bir reja yo‘q.

- To‘g‘ri aytasiz, lekin ularga qanday yordam berishni ham bilmayman. Gohida o‘zimning ham kunim qanday o‘tib, qanday kech bo‘lganini payqamay qolaman. Uy ishlari, ro‘zg‘or, ish...

Aslida vaqtni to‘g‘ri rejalashtirishni avval o‘zimiz o‘rganishimiz kerak, shekilli?!

Ilohiy tartibot...

Insoniyat yaratilgandan buyon vaqtni tartibga solishga, uni tizimlashga harakat qilib keladi. Biroq eng oliy hakam - Alloh taolo bandalari uchun vaqtni tizimlashtirishning eng mukammal modelini joriy qilib qo‘ygan.

Islom dinida vaqt - bu Alloh tomonidan berilgan eng katta omonat. Yaratuvchi zot Qur’oni Karimda bandasining e’tiborini vaqtning naqadar ulug‘ ne’mat ekanligiga qaratadi. Shu bois ko‘plab suralar bevosita vaqt nomi bilan boshlanadi yoki unda vaqt bilan qasam ichiladi: «Val-asr» (Asr vaqtiga qasamki), «Val-layl» (Tunga qasamki), «Val-fajr» (Tongga qasamki).

Kun davomida ado etiladigan 5 vaqt namoz - bu shunchaki ibodat emas, balki inson hayotini kunlik rejalashtirishning ilohiy va mukammal dasturidir.

Agar e’tibor bersak, 5 vaqt namozga rioya qilgan insonning kunlik tartibi o‘z-o‘zidan eng mukammal grafikka tushadi. Unda uyqudan turish, ishlash, dam olish va oila bilan bo‘lish vaqtlari tabiiy ravishda tartibga solinadi. Ya’ni, namoz vaqtlari insonni kun davomida bir necha bor to‘xtab, o‘z faoliyatini qayta baholashga undaydi. Xususan, ertalab kunni Allohning zikri bilan boshlash, kun o‘rtasida to‘xtab o‘zini nazorat qilish, kechqurun esa kunni sarhisob qilish inson hayotiga tartib va ma’no bag‘ishlaydi.

Nega rejalashtirmaymiz?

Bugungi kunda «vaqtim yo‘q» degan gapni eng ko‘p eshitamiz. Ajablanarlisi shundaki, dunyodagi eng band va eng muvaffaqiyatli odamlarda ham, kun bo‘yi bekor o‘tirgan odamda ham bir xil - 24 soat vaqt bor. Xo‘sh, nega ko‘pchilik o‘z vaqtini rejalashtirishni xohlamaydi yoki buni uddalay olmaydi?

Tahlillarga ko‘ra, ko‘pchilik odamlar, ayniqsa, yoshlar hayotni cheksiz deb o‘ylashadi. «Hali yoshman», «Ulguraman», «Ertaga qilaman» degan fikrlar insonni yalqovlikka undaydi. Bu psixologiyada prokrastinatsiya - ishlarni orqaga surish deb ataladi.

Aniqrog‘i, o‘zini nazorat qilishni, o‘z nafsini jilovlashni istamagan inson rejasiz, oqim bo‘ylab yashashni afzal ko‘radi. Agar insonning hayotda aniq, ulug‘vor va tizimli maqsadi bo‘lmasa, u vaqtni rejalashtirishga ehtiyoj sezmaydi. Qayerga borishini bilmagan kemaga hech qaysi shamol yordam bera olmaganidek, maqsadsiz inson uchun ham vaqtning qadri bo‘lmaydi.

Aslida vaqt - bu insonning kapitali. Biz har soniyada shu kapitaldan sarflab boramiz. Inson tug‘ilgan kunidan boshlab uning umr soati teskari qarab sanay boshlaydi. Shu bois vaqtning qiymati va qadrining o‘lchovi yo‘q. Eng qimmatbaho olmos ham vaqt oldida bir siqim tuproqdek gap.

Yo‘qotilgan boylikni mehnat bilan, boy berilgan sog‘liqni davolanish bilan (ma’lum ma’noda) qaytarish mumkindir. Ammo boy berilgan bir soniyani dunyodagi bor oltin-kumushlar bilan ham sotib olib bo‘lmaydi.

Tanlovni o‘zimiz qilamiz

Afsuski, zamonaviy dunyoda «vaqtni o‘ldirish» (time killing) degan ibora paydo bo‘ldi. Bu juda qo‘rqinchli iboradir. Vaqtni o‘ldirish o‘z umrini, kelajagini va oxiratini kuydirish demakdir. Shu sabab mutaxassislar kundalik hayotimizda, xususan, farzandlarimizning ta’til kunlarida vaqtni qanday to‘g‘ri taqsimlash bo‘yicha bir nechta amaliy tavsiyalarni bayon qilishgan.

Xususan, ishlarni 4 ta toifaga bo‘lib chiqish kerak:

- Muhim va shoshilinch ishlar (Tezda bajarilishi shart).

- Muhim, lekin shoshilinch emas (Insonni rivojlantiradigan, kelajakka xizmat qiladigan asosiy qism - kitob o‘qish, til o‘rganish, sport).

- Shoshilinch, lekin muhim emas (Ahamiyatsiz qo‘ng‘iroqlar, kutilmagan mehmonlar).

- Muhim ham emas, shoshilinch ham emas (Vaqt o‘g‘rilari: ijtimoiy tarmoqlar, televizor, bekorchi suhbatlar).

Eng noxush, eng qiyin va eng ko‘p kuch talab qiladigan ishni ertalab, kunning birinchi yarmida bajarib oling. Shunda kunning qolgan qismi yengil va xotirjam o‘tadi.

Maqola avvalidagi Mahmud aka va Zuhra opaning muammosiga qaytadigan bo‘lsak, avvalo, ilm va ruhiyat tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish lozim. Bunda kuniga kamida 1–2 soat kitob o‘qish, xorijiy til yoki aniq fanlarni o‘rganish, diniy-ma’naviy suhbatlar o‘tkazish kerak.

Sport to‘garaklari, uy ishlarida ota-onaga ko‘maklashish bolaning jismoniy chiniqishiga, oila a’zolariga mehribon bo‘lib o‘sishiga xizmat qiladi. Albatta, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash bu dam olishsiz kun o‘tkazish degani emas. Shu bois foydali hujjatli filmlar ko‘rish, rasm chizish, oilaviy sayohatlar ham rejaning bir qismiga kiradi.

Farzandlarimizga bera oladigan eng katta merosimiz ularga pul yoki mol-mulk qoldirish emas, balki ularga vaqtni, umrni qadrlashni va uni to‘g‘ri rejalashtirishni o‘rgatishimizdir. Shundagina ta’tillar ham, ish kunlari ham hayotimizning eng go‘zal va mazmunli sahifalariga aylanadi.

Yoqubjon Marqayev.