So‘rovnoma natijalari: Bolalar yozgi ta’tilni qanday o‘tkazyapti?

Telegram kanalimizda «Yozgi ta’tilda farzandingiz nimalar bilan mashg‘ul?» nomli so‘rovnoma o‘tkazgan edik.  

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning eng katta ulushi, ya’ni 47 foizi «Kitob o‘qiydi, repetitorga boradi» javobini tanlagan. 27 foiz kuzatuvchilar esa farzandi uy ishlariga yordam berishi, 22 foizi sport to‘garaklari yoki mashg‘ulotlarga qatnashi, 17 foizi onlayn kurslar yoki chet tillarini o‘rganishini bildirgan.

Obunachilarning 15 foizi «Do‘stlari bilan o‘ynaydi, telefon va internetda vaqt o‘tkazadi» degan bo‘lsa, 10 foizi yaqin qarindoshlarnikida dam olishi,  9 foizi sayohatga borishi va 6 foizi ijodiy to‘garaklarga (rasm, musiqa, raqs va boshqalar) qatnashini ma’lum qilgan.
So‘rovnoma natijalari shuni ko‘rsatadiki, yozgi ta’til aksariyat oilalar uchun faqat dam olish emas, balki farzandlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish davri sifatida ham qaralmoqda. Ishtirokchilarning 47 foizi farzandi kitob o‘qishi va repetitorga qatnashini bildirgani farzandining ta’limiga e’tibor yuqori ekanini anglatadi.

Shu bilan birga, ota-onalarning bir qismi farzandlarini uy ishlariga jalb etishi, sport bilan shug‘ullanishi va onlayn kurslar yoki chet tillarini o‘rganishini qo‘llab-quvvatlayotgani ham quvonarli holat. Biroq natijalar ayrim muammolarga ham e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi.
Xususan, ishtirokchilarning 15 foizi farzandlari asosan telefon va internetda vaqt o‘tkazishi yoki do‘stlari bilan o‘ynashini bildirgan. Agar bu jarayon nazoratsiz kechsa, bolalarning virtual olamga berilishi, vaqtdan samarasiz foydalanishi va ta’lim yoki jismoniy faollikning kamayishiga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, ijodiy to‘garaklarga qatnashuvchilar ulushining atigi 6 foizni tashkil etgani bolalarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayotganini ko‘rsatadi. Sayohat va madaniy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etayotganlar soni ham nisbatan kam bo‘lib, bu farzandlarning dunyoqarashini kengaytirish imkoniyatlari cheklanganini anglatishiga ishora.

Fazliddin Ro‘ziboyev.