AQSh – Eron qarama-qarshiligi yangi bosqichda: zarbalar, dengiz blokadasi va keskin bayonotlar

Yaqin Sharqdagi harbiy-siyosiy vaziyat yanada keskinlashmoqda.

So‘nggi bir necha soat ichida AQSh va Eron bir-biriga qarshi yangi harbiy harakatlar hamda keskin siyosiy bayonotlar bilan chiqdi. Vashington Erondagi qator harbiy ob’yektlarga yuqori aniqlikdagi zarbalar berilganini ma’lum qilgan bo‘lsa, Tehron bunga javoban AQShning mintaqadagi harbiy ob’yektlariga hujum qilinganini da’vo qiladi.

Shu bilan birga, Hurmo‘z bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat yanada taranglashib, dengiz qatnovi xavfsizligi xalqaro hamjamiyat diqqat markaziga aylandi. Hurmo‘z bo‘g‘ozi orqali o‘tishga uringan kemalar soni o‘tgan haftaga nisbatan 52 foizga qisqargani haqida Kpler tahliliy kompaniyasi ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 12 iyul kuni bo‘g‘oz orqali atigi 14 ta kema o‘tgan bo‘lib, ularning yarmini Eron kemalari tashkil etgan.

AQSh Qurolli kuchlarining Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qilishicha, besh soat davom etgan operatsiya davomida Eronning janubiy qismida joylashgan bir qator harbiy ob’yektlar nishonga olingan. Amerika tomoni bu harakatlar Eronning dengiz orqali hujum qilish imkoniyatlarini qisqartirishga qaratilganini ta’kidladi. Zarbalar sohil mudofaa tizimlari, raketa majmualari, dronlar infratuzilmasi va harbiy-dengiz ob’yektlariga qaratilgani aytildi.

Operatsiyadan ko‘p o‘tmay, AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning harbiy salohiyati jiddiy zaiflashtirilganini bildirib, mamlakat qurol ishlab chiqarish imkoniyatlarining katta qismi yo‘q qilinganiga da’vo qildi. Shu bilan birga, Vashington 14 iyuldan boshlab Eron portlari bilan bog‘liq dengiz harakatiga nisbatan cheklovlar kuchaytirilishini e’lon qildi.

Tehron bu harakatlarga javob sifatida AQShning Kuvaytdagi harbiy bazasi va harbiy kemasiga zarba bergan. Rasmiylar, shuningdek, Eron Hurmo‘z bo‘g‘ozida belgilagan qoidalarga amal qilmaydigan kemalarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini aytmoqda.
Ayni paytda AQSh va Eron bir-birining bayonotlarini rad etayotgan bo‘lsa-da, xalqaro kuzatuvchilar vaziyatning yanada keskinlashishi butun Yaqin Sharq xavfsizligi va jahon energetika bozoriga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini qayd etmoqda. Tramp esa Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha avvalgi AQSh ma’muriyati siyosatini ayblashdan to‘xtamayapti. U Barak Obama va Jo Bayden davrida Vashingtonning Tehronga nisbatan yondashuvi Eronning imkoniyatlarini kuchaytirganini ta’kidladi.

Gulnora Xoldorova tayyorladi.