Energetik ichimliklar foydalimi yoki zararli?
Keyingi yillarda yoshlar orasida energetik ichimliklar iste’moli tobora ommalashmoqda. Biroq mutaxassislar ularni muntazam iste’mol qilish yurak-qon tomir tizimi uchun jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidlamoqda.
Energetik ichimliklar tarkibi nimalardan iborat?
Bunday ichimliklar tarkibidagi asosiy moddalar:
- kofein va guarana – yurak urishini tezlashtiradi, qon bosimini oshiradi va qon tomirlarini toraytiradi;
- taurin – kofein bilan birga yurak mushaklariga ortiqcha yuklama beradi;
- shakar yoki sun’iy shirinlashtirgichlar – qonda glyukoza miqdorini oshirib, qon tomirlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Muntazam iste’mol qilishning oqibatlari
Bir marta iste’mol qilingan energetik ichimlik organizmdan chiqib ketishi mumkin. Ammo uni tez-tez yoki har kuni iste’mol qilish qator salbiy oqibatlarga olib keladi:
- arterial qon bosimining doimiy oshishi;
- yurak ritmining buzilishi (aritmiya);
- tromb hosil bo‘lishi xavfining ortishi;
- infarkt va insult xavfining kuchayishi;
- qon tomirlari devorlarining shikastlanishi va ateroskleroz rivojlanishi;
- yurak yetishmovchiligi xavfining ortishi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bosh aylanishi, yurak tez urishi yoki ko‘krak sohasidagi noqulayliklar energetik ichimliklarning organizmga salbiy ta’sirining dastlabki belgisi bo‘lishi mumkin.
Bolalar va o‘smirlar uchun mutlaqo tavsiya etilmaydi
Energetik ichimliklar bolalar hamda o‘smirlar uchun ayniqsa xavfli. Chunki ularning yurak-qon tomir tizimi hali to‘liq shakllanmagan bo‘ladi. Bu ichimliklar qon bosimi o‘zgarishi, yurak mushaklari kasalliklari va hatto og‘ir asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Spirtli ichimliklar bilan aralashtirish xavfli
Energetik ichimliklarni spirtli ichimliklar bilan birga iste’mol qilish eng xavfli holatlardan biri hisoblanadi. Spirt organizmni suvsizlantirsa, energetik ichimlik yurak faoliyatini tezlashtiradi. Bu esa yurakka ikki karra yuklama tushirib, og‘ir asoratlar, hatto yurak to‘xtashi xavfini oshiradi.
Mutaxassis tavsiyasi
Zarurat tug‘ilgan taqdirda ham energetik ichimliklarni haftada bir martadan ko‘p va 250 millilitrdan ortiq iste’mol qilmaslik tavsiya etiladi.
Eng muhimi, energetik ichimliklar organizmga yangi energiya bermaydi. Ularning ta’siri tugagach, holsizlik, kayfiyat pasayishi, yurak sohasida og‘riqlar kuzatilishi mumkin. Doimiy iste’mol esa yurak-qon tomir tizimining erta qarishi, ateroskleroz, infarkt, insult va to‘satdan o‘lim xavfini oshiradi.
Mutaxassislar sog‘lom turmush tarzi, yetarli uyqu, toza havoda sayr qilish va muntazam jismoniy faollikni sun’iy quvvat manbalaridan ko‘ra ancha xavfsiz va samarali deb hisoblaydi.
Gulafzal Amonova, Samarqand davlat tibbiyot universiteti patologik anatomiya kafedrasi dotsenti (PhD).