Vakillarimiz uchinchi turda to‘rt g‘alabaga erishdi

Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining uchinchi turida O‘zbekistonning olti jamoasidan to‘rttasi o‘z uchrashuvlarini g‘alaba bilan yakunladi.

Erkaklar o‘rtasidagi musobaqada O‘zbekiston-1 Avstriyadan 3:1 hisobida ustun keldi. Jamoaga Javohir Sindorov va Muhiddin Madaminov to‘liq ochko keltirdi. Nodirbek Abdusattorov hamda Nodirbek Yoqubboyevning partiyalaria esa durang qayd etildi.

O‘zbekiston-3 ham turda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Marokashga qarshi uchrashuv vakillarimizning 3,5:0,5 hisobidagi g‘alabasi bilan tugadi.
O‘zbekiston-2 va Germaniya qarama-qarshiligida esa 1,5:2,5 hisobi qayd etilib, raqib jamoa ustun keldi.
Ayollar bahsida O‘zbekiston-1 Indoneziyani 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Umida Omonova va Nilufarxon Imomqo‘ziyeva g‘alaba qozongan bo‘lsa, Afruza Hamdamova hamda Gulruhbegim Tohirjonova yarim ochkodan jamg‘ardi.

Turning eng yirik natijalaridan biri O‘zbekiston-3 ayollar jamoasi tomonidan qayd etildi. Zilola Aktamova, Maftuna Bobomurodova, Shohina Ahmedova va Ozoda Shahzodova Saudiya Arabistoni vakillariga qarshi o‘tkazilgan barcha partiyalarda zafar quchdi — 4:0.

O‘zbekiston-2 ayollar jamoasi esa Ispaniyaga qarshi bahsda 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Bugun ochiq turnirda erkaklar jamoalarimiz O‘zbekiston-1 Turkiya, O‘zbekiston-2 Yangi Zelandiya, O‘zbekiston-3 Yaman bilan dona suradi. Ayollar bahsida O‘zbekiston-1 Argentinaga, O‘zbekiston-2 Ispaniyaga, O‘zbekiston-3 esa Qirg‘izistonga qarshi o‘ynaydi.