«46-FIDE shaxmat Olimpiadasi: Boshqa hech bir oqshomga o‘xshamaydigan kecha»

Hozirgacha men ko‘plab ochilish va yopilish marosimlarida qatnashganman. Xususan, Gran-pri musobaqalari, bir nechta Jahon kuboklari va Olimpiadalar, hatto «Barselona-1992» Olimpiya o‘yinlarining ochilish va yopilish marosimlarida ham bo‘lganman. Biroq ularning hech biri kecha oqshom Samarqandda shaxmat hamjamiyati guvohi bo‘lgan ajoyib tomoshaga yaqin ham kela olmaydi.

Ipak yo‘li kanali bo‘yida joylashgan "Boqiy shahar" amfiteatri 46-shaxmat Olimpiadasining ochilish marosimi uchun ajoyib makon bo‘ldi. Tadbirda ikki mingdan ortiq tomoshabin ishtirok etdi.
Ochiq havodagi maydon mazkur tadbir uchun shaxmat, musiqa va O‘zbekistonning boy madaniy merosini mujassam etgan sahnaga aylantirildi. Bu haqiqatan ham ajoyib shou bo‘ldi.
Qariyb ikki soat davomida tomoshabinlar harbiylar, raqs jamoalari, opera, milliy libosdagi o‘zbek qizlari tomonidan bezatilgan savatlarda shirinliklar tarqatilishi kabi taassurotli chiqishlardan bahramand bo‘lishdi.

Sahnalashtirilgan tomoshada 100 dan ortiq sozanda hamda 200 dan ziyod raqqos va xonandalar ishtirok etib, o‘zbek madaniyatining boyligi va rang-barangligini namoyish etgan shouni taqdim etishdi. Oqshomning eng intizorlik bilan kutilgan lahzalaridan biri ertangi birinchi turda qaysi jamoalar birinchi doskada oq va qora donalarda o‘ynashini aniqlab beruvchi an’anaviy qur’a tashlash marosimi bo‘ldi.

Qur’a tashlash jarayoni to‘qqizinchi jahon chempioni Chju Chen hamda o‘zbek shaxmati afsonasi, FIDE sobiq jahon chempioni Rustam Qosimjonovga berildi. Ikki mehmon an’anaviy qutilardan ikkala rangli donalarni tanlab olishdi: Oq donalar ayollar o‘rtasidagi eng yuqori reytingga ega jamoaga, Qora donalar esa ochiq bo‘limdagi eng yuqori reytingli jamoaga nasib etdi.

Tungi osmonni shaxmat donalari tasviri va rang-barang chiroqlar bilan to‘ldirgan muhtasham 3D vizual karting va dronlar shousi tomoshabinlarda alohida taassurot qoldirdi. Shouning yakunida esa sho‘x pop qo‘shig‘i va raqslar yuzlab shaxmatchilarni sahnaga chorladi va ular ustida mushaklar chaqnagan bir paytda hamma birgalikda ommaviy bayramni nishonladi. Bu oqshomni yakunlash uchun eng munosib va unutilmas usul bo‘ldi.

Maykl A.Rahal,
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE)
 matbuot kotibi.