Toyloqda chinorlarning «butalishi» 63,8 million so‘mga tushdi

Toyloq tumanida ko‘p yillik chinor daraxtlariga o‘zboshimchalik bilan zarar yetkazgan fuqaroga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rildi.

Toyloq tumani Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida tumandagi Madaniyat mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi markaziy avtomobil yo‘li yoqasida o‘sib turgan 10 tupdan ortiq chinor daraxti mahallada yashovchi fuqaro X. F. tomonidan belgilangan tartib-qoidalarga rioya etilmagan holda butalgani aniqlandi.

Buning oqibatida daraxtlarga jiddiy shikast yetkazilgan. Mutaxassislar tomonidan daraxtlarning o‘sishi va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan darajada zarar yetkazilgani qayd etildi.

Aniqlangan holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi 1-qismiga muvofiq 11 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.

Bundan tashqari, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori ham hisoblab chiqilib, 52 million 800 ming so‘m etib belgilandi.

Shu tariqa, fuqaroga qo‘llanilgan jarima va tabiatga yetkazilgan zararni qoplash miqdori jami 63 million 800 ming so‘mni tashkil etdi.

Ekologiya mutaxassislari daraxtlarni asrab-avaylash, ularni o‘zboshimchalik bilan kesish yoki shikastlash ekologik qonunchilik talablariga zid ekanini eslatmoqda. Daraxtlarga yetkazilgan har qanday zarar qonun doirasida baholanib, aybdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.

Samarqand viloyati Ekologiya bosh boshqarmasi matbuot xizmati