Samarqandda yana bir yangi loyiha

Samarqand shahrining bir nechta hududida yo‘llar ta’mirlanib, ko‘chalar va yashil maskanlar zamonaviy qiyofa kasb etmoqda.

Bu ishlar Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Samarqand shahrida suv ta’minoti tizimlari va yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Habib Abdullayev ko‘chasining 650 metrlik qismiga uch qatlamli mustahkam asfalt qoplamasi yotqizildi. Piyodalar yo‘laklari va zamonaviy tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi.

Shu bilan birga Samarqand davlat texnika universitetiga yondosh Mirzo Ulug‘bek bog‘ida ham obodonlashtirish ishlari bajarildi. Yashil maydonlar barpo etilib, zamonaviy sug‘orish tizimlari o‘rnatildi.
Soya-salqin sayr yo‘laklari, bolalar o‘yingohi va sport maydonchalari esa bog‘ni aholi va yoshlar uchun yanada qulay maskanga aylantirmoqda.