Suv bor joyda hayot bor: Samarqandda ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha qanday yangiliklar bor?
Bir tomonda — aholini sifatli va barqaror ichimlik suvi bilan ta’minlash, ikkinchi tomonda — suv va elektr energiyasini tejash. Bu ikki vazifa bugun bir-biridan ajralmas tushunchaga aylandi. Samarqand viloyatida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va suv yo‘qotishlarini kamaytirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Raqamlar bu jarayon ko‘lamini yaqqol ko‘rsatadi.
Suv ta’minoti qamrovi kengaymoqda
2026 yilning dastlabki 8 oyi yakunlariga ko‘ra, Samarqand viloyatidagi 1 079 ta mahallaning 80,5 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Shundan 541 ta mahalla to‘liq, 456 tasi qisman suv bilan ta’minlangan, 82 ta mahallada esa aholi muqobil manbalardan foydalanmoqda.
Viloyatda 2 047 ta ichimlik suvi inshooti va 8 039,5 kilometr suv tarmog‘i mavjud. Ularning eskirgan qismlarini yangilash maqsadida joriy yilda barcha dasturlar doirasida 539,3 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 174 ta ichimlik va oqova suv inshooti hamda 1 435 kilometr tarmoq qurilmoqda.
Hozirgacha 358 milliard so‘m o‘zlashtirilib, 144 ta inshoot va 1 284,6 kilometr tarmoq barpo etildi. Yil yakuniga qadar yana 274,4 milliard so‘m hisobidan 67 ta inshoot va 404 kilometr tarmoqni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Natijada 185 ta mahalladagi 86,1 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 72,7 ming nafar aholining suv ta’minoti yaxshilanadi. Qamrov darajasi 80,5 foizdan 82,5 foizga yetkaziladi.
Oqova suv yo‘nalishida esa 21,5 ming nafar aholini ilk bor xizmat bilan qamrab olish, 8,5 ming nafar aholining ta’minotini yaxshilash va qamrovni 23,7 foizdan 24,7 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.
Urgut va Oqdaryoda ishlar jadal
Urgut tumanida suv ta’minoti og‘ir hududlar bo‘yicha o‘tkazilgan xatlov natijasida 4,5 milliard so‘m hisobidan 10 ta mahallada 62,1 kilometr suv tarmog‘i qurildi. Shuningdek, 11 ta suv inshooti rekonstruksiya qilindi yoki yangidan barpo etildi.

Ayni paytda yana 5 ta mahallada 16,5 kilometr tarmoq qurish va 5 ta suv inshootini rekonstruksiya qilish yoki yangidan barpo etish ishlari davom etmoqda.
Oqdaryo tumanining Boshdarxon mahallasida esa Boshdarxon va Jo‘raboy qishloqlarini qamrab oluvchi 13,5 kilometr tarmoq hamda 2 ta suv inshooti bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Suvni yetkazishda energiya ham tejalmoqda
Suvni nasoslar orqali uzatish katta miqdorda elektr energiyasi talab qiladi. Shu bois eski uskunalar energiya tejamkor texnologiyalarga almashtirilmoqda.
Hozirgacha 151 ta suv inshootiga energiya tejamkor nasoslar o‘rnatildi. Yil yakuniga qadar yana 72 ta nasos o‘rnatish rejalashtirilgan.

216 ta inshootda masofadan boshqarish tizimi joriy etildi, yil oxirigacha yana 412 ta yakka suv olish inshootini ushbu tizimga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 12 ta inshootga 120 kVAr quvvatga ega reaktiv energiyani kompensatsiya qiluvchi qurilmalar o‘rnatildi.
Nasoslarning ish rejimini samarali boshqarish uchun 44 ta inshootga 11 775 kVt umumiy quvvatga ega chastota rostlagichlari o‘rnatildi. Yil oxirigacha yana 25 ta inshoot ushbu uskunalar bilan jihozlanadi.
Bundan tashqari, 205 ta elektr hisoblagich zamonaviy ASKUE talablariga mos qurilmalarga almashtirildi.
Quyosh energiyasi — suv ta’minotida ham
Jomboy tumanidagi “Quduqli” suv inshootiga 200 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatildi. Ular oyiga o‘rtacha 27,7 ming kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, taxminan 22 million so‘m tejamoqda. Natijada inshootning elektr energiyasiga ehtiyojining qariyb 90 foizi quyosh energiyasi hisobiga qoplanmoqda.

Yil yakuniga qadar Bulung‘ur tumanidagi suv inshootlariga 500 kVt, “ZOS” oqova suvlarni tozalash, “Mulyon” suv hamda “Farhod” oqova suvlarni tozalash inshootlariga esa jami 1,9 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Mahalliy byudjet hisobidan shahar va tuman filiallaridagi suv inshootlariga 20 kVtdan 16 ta, jami 320 kVt quvvatli quyosh stansiyalari o‘rnatiladi.
Elektr sarfi qariyb 4 million kVt·soatga kamaydi
Energiya tejamkor choralarning samarasi raqamlarda ham ko‘rinadi.
2025 yilning 7 oyida “Samarqand suv ta’minoti” AJ 53,5 million kVt·soat elektr energiyasi iste’mol qilgan bo‘lsa, 2026 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 49,512 million kVt·soatni tashkil etdi.
Demak, joriy yilning 7 oyida 3,988 million kVt·soat elektr energiyasi iqtisod qilindi.
Suv yo‘qotishlari ham nazoratda
Energiyani tejash bilan birga, suvning o‘zini tejash ham muhim. Suv inshootlaridagi ortiqcha yo‘qotishlarning oldini olish uchun YeKM manometrlar va vaqt mexanizmlari kabi avtomatlashtirilgan boshqaruv vositalari o‘rnatilmoqda.
Bu tizimlar suv bosimini aniq nazorat qilish, suv uzatishni avtomatlashtirish va ortiqcha sarfni kamaytirish imkonini beradi.
Ichimlik suvi sifati — doimiy nazoratda
“Samarqand suv ta’minoti” AJ markaziy tahlil laboratoriyasida 19 nafar xodim faoliyat yuritadi. Ularning 7 nafari ichimlik suvi sifatini, 11 nafari esa oqova suvlar va ishlab chiqarish korxonalari oqovalarini nazorat qiladi.
2026 yilda 37 600 ta ichimlik suvi namunasini olish rejalashtirilgan. Yilning dastlabki 8 oyida 17 154 ta namuna olindi. Shundan 5 317 tasi markaziy laboratoriya, 11 837 tasi sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan olingan.
Laboratoriyada ichimlik suvining 17 ta kimyoviy parametri va 2 turdagi bakteriologik ko‘rsatkichlari tahlil qilinadi. Har bir suv inshootida maxsus sertifikatga ega xlorchi xodimlar suvdagi qoldiq xlor miqdorini har soatda nazorat qiladi.
“Bahor–yoz” mavsumiga tayyorgarlik
Mavsumga tayyorgarlik doirasida jamiyat filiallaridagi 98 ta rezervuar va 1 264 ta suv minorasi tozalanib, yuvish va dezinfeksiya ishlari bajarildi.
Yanvar–avgust oylarida 1 651,5 kilometr suv tarmog‘ida rejalashtirilgan joriy ta’mirlash ishlari to‘liq bajarildi. Yana 53,6 kilometr tarmoqda mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Asosiy maqsad — barqaror tizim va sifatli xizmat
“Samarqand suv ta’minoti” AJning asosiy maqsadi — aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, tizim barqarorligini oshirish va mavjud resurslardan samarali foydalanish.
Buning uchun eskirgan infratuzilma yangilanmoqda, energiya tejamkor nasoslar va avtomatlashtirilgan tizimlar joriy etilmoqda, quyosh energiyasidan foydalanish kengaytirilmoqda, suv sifati zamonaviy laboratoriya nazorati orqali tekshirilmoqda.
Zero, bugun suv ta’minotida qilingan har bir yangilanish — nafaqat elektr va suvni tejash, balki aholiga yanada sifatli va barqaror xizmat ko‘rsatishga qaratilgan qadamdir.
T. Boboyev,
“Samarqand suv ta’minoti” AJ direktori