Bugun ichimlik suvi ta’minoti to‘liq qayta tiklanadi
Samarqand shahrining ayrim hududlarida ichimlik suvi ta’minoti joriy yilning 23 iyun kuni soat 20:00 dan vaqtincha to‘xtatilgandi.
Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi grant mablag‘lari hisobidan, “Samarqand shahrida suv ta’minoti tizimlari va yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida “Cho‘ponota” va “Mulyon” suv inshootlarida rekonstruksiya ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Cho‘ponota suv tozalash inshootida “Samarqand suv ta’minot” MChJ hamda “Mesmer-east” MChJ ning 70 nafardan ziyod ishchi-xodimlari qurilish-ta’mirlash ishlarini olib boryapti.
“Samarqand suv ta’minot” MChJ boshlig‘i Tolib Boboyevning ta’kidlashicha, qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘z vaqtida tashkil etish bo‘yicha maxsus shtab tuzilgan bo‘lib, ayni vaqtda suvdan uzilgan 172 ta mahallaga bosqichma-bosqich, 18 ta yirik rezervuarli mashinalarda toza ichimlik suvi yetkazib berish tashkil etilgan.
Suvni sifatli va xavfsiz yetkazish maqsadida korxonaning laboratoriyasi xodimlari sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Samarqand shahar bo‘limi mutaxassislari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.
O‘rnatilganiga 60 yildan oshib ketgan suv tortish va taqsimlash uskunalari, ayrim hududlardagi tarmoqlarda yiliga 4-5 marta avariya holatlari sodir bo‘la boshladi. Oqibatda shaharning katta qismida yashovchi aholi xonadonlarida suv yetib bormay qo‘ydi.
Ayni vaqtda “Mulyon” suv inshootida rekonstruksiya qilingan uskuna hamda tizimlarni ishga tushirish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Inshootning eskirgan suv nasoslari o‘rniga zamonaviy va energiya tejamkor suv tortib olish nasoslari o‘rnatilmoqda.
Suv taqsimlash uskunalarini yangilash ishlari ikkala inshootda ham bir vaqtning o‘zida amalga oshirilmoqda. Aholi ichimlik suvi ta’minotini qayta tiklash ishlari kecha-kunduz navbat bilan olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahri aholisining ichimlik suvi ta’minoti bugun soat 20:00 da tuliq qayta tiklanadi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.
Baxtiyor MUSTANOV.