Samarqand tumani hokimligi: "Suv inshooti ko‘chirilyapti, ta’minot to‘xtatilgani yo‘q"

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand tumani Yuqori Turkman mahallasida joylashgan suv inshooti noqonuniy ravishda ko‘chirilayotgani haqida videolavha tarqaldi.

Holat bo‘yicha Samarqand tumani hokimligi munosabat bildirdi. Unda shunday deyiladi:

"Holat tuman hokimligi va tegishli tashkilotlar tomonidan qat’iy nazoratga olingan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, bu jarayon mahalla aholisining ichimlik suvi bilan ta’minlanishiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Ayni paytda aholi xonadonlari vaqtinchalik tarzda to‘g‘ridan to‘g‘ri suv tarmog‘iga ulanib, ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda.

Shuningdek, "Suv ta’minoti" tuman bo‘limi tomonidan suv tashish mashinalari orqali toza ichimlik suvi uzluksiz yetkazib berilmoqda.

Shu bilan birga, holat shu darajaga yetib kelguncha mahalla faollari, jumladan hokim yordamchisi tomonidan zarur choralar ko‘rilmagani va aholi muammolari bilan tizimli ish olib borilmagani uchun ularga tegishli tartibda ogohlantirish berildi.

Yaqin kunlarda suv inshooti faoliyati to‘liq tiklanib, aholiga barqaror va sifatli ichimlik suvi yetkazilishi ta’minlanadi".