Suv bo‘yida suvga zor kanalyoqaliklar orzusi amalga oshdi

Bir kunda xonadoningizda necha litr suv ishlatishingizni bilasizmi? Hisoblab ko‘rmagansiz-a? Ammo Past Darg‘omning Elbek mahallasining Kanalyoqa qishlog‘i ahlining qay biridan so‘rasangiz, qancha suv ishlatishini darhol aytib beradi. Bu qishloq bino bo‘lganidan beri jo‘mrakdan, toza suv kelmagan.
Aytishingiz mumkin, ba’zi hududlarda ichimlik suvini sotib olishadi, deb. Kanalyoqaliklarning quduqdan tortib ichayotgan suvining ariqdan oqayotgan suvdan farqi yo‘q – ichishga yaroqsiz edi. Noiloj, aholi uzoq yillardan beri shunday suvni ichar, imkoni borlar bu hududdan 60 kilometr uzoqlikdagi tog‘ bag‘ridagi buloqlardan suv keltirishardi.
Kuni kecha shu qishloqqa suv keldi. Ahamiyatli tomoni, suv nodavlat notijorat tashkilotlari tashabbusi va ko‘magida keltirildi.
- Biz 1966 yilda shu qishloqqa ko‘chib kelganmiz, - deydi Shodiyor Isoqov. -Shundan beri qishloqda toza ichimlik suvi bo‘lganini bilmayman. Quduq, pishma krandan 10 metr pastdan suv chiqadi, yaroqsizligi uchun tindirib ichishga majbur bo‘lardik. To‘g‘risi, bu yerda bundan bir necha yillar avval ham allaqanday xalqaro tashkilotlar ko‘magida suv chiqarish ishlari boshlangandi. O‘shanda qishloqdoshlarimiz nihoyat suvli bo‘lamiz, deb suyunishgandi. Afsuski, quvonchimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Negadir ishlar to‘xtab qoldi. Yaqinda bir talay tashkilotlar boshchiligida artezian qazish ishlari boshlandi. To‘g‘risi, butun qishloq ahli bu safar ish chala qolmasin, deb nazorat qilib turdi. Mana, shukrki, xonadonlarga kranlar o‘rnatilib, 262 xonadon suv bilan ta’minlandi.
Jo‘mrakdan suv kelish kunini qishloq ahli bayramdek nishonladi.
- Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida o‘tgan yildan boshlab butunlay yangicha tizimga o‘tdik, - deydi mazkur quvonchli voqeaning ochilish marosimida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi Kamoliddin Ishanxojayev. – Xususan, o‘tgan yilning shu paytlari joylarda yurib, aholining muammolarini o‘rgandik va ularni real hal qilish uchun nodavlat notijorat tashkilotlariga aniq yo‘nalishdagi grantlar ajratilishi uchun mavzular belgiladik. Ushbu muammolarni hal etish bo‘yicha har bir hududning faol NNTlari o‘z loyihalarini taqdim etdi va ishga kirishdi. Shu tariqa Samarqand, Jizzax, Farg‘ona, Namangan viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida suv bilan bog‘liq muammolar yechimi yuzasidan qator loyihalar ishlab chiqildi. Mana, bugunga kelib, mamlakatimiz bo‘ylab 20 mingga yaqin aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi. Endilikda NNTlar loyihalarida aniq, amaliy ishlar va muammolarni hal etish yuzasidan mavzular belgilanadi va ish ijrosi shu tariqa yuritiladi.
- Garchi loyiha Samarqand viloyat “Imkon” fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson taraqqiyoti markazi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa-da, bunda ijtimoiy sheriklikning yaqqol ifodasi namoyon bo‘ldi, - deydi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Shoim Kenjayev. – Chunki loyiha aniq bo‘lgach, uni amalga oshirishda tuman hokimligi texnika jihozlari bilan yordam bergan bo‘lsa, “Samarqand suv ta’minoti” AJ vakillari o‘z tajriba va mehnatlari bilan loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirishini ta’minladilar. Qolaversa, qishloq ahli ham qarab turmadi, kerak joyda hashar uyushtirildi, zarur hollarda o‘z hovlisi uchun jihozlarni o‘zi sotib oldi.
Shu tariqa Past Darg‘om tumanidagi Elbek mahallasi Kanalyoqa qishlog‘ida 5600 m suv tarmog‘i tortildi, natijada 200 dan ortiq xonadon, ikki mingga yaqin aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Gulruh MO‘MINOVA.