Qariyb 2,4 milliard so‘mlik loyiha: Past Darg‘omdagi oilaviy shifokorlik punkti yangi qiyofaga kiryapti
O‘tgan yilning 23 yanvarida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy Kengashi tomonidan viloyatimizga ishchi guruh yuborilib, hududdagi ijtimoiy soha ob’yektlarining holati o‘rganilgan edi.
O‘rganishlar davomida Past Darg‘om tumanida joylashgan “Al Beruniy” oilaviy shifokorlik punkti faoliyati atroflicha tahlil qilingan edi. Ma’lum bo‘lishicha, muassasa binosi ko‘p yillar davomida ta’mirlanmagani sababli ancha eskirgan bo‘lib, zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish talablariga to‘liq javob bermaydigan holatga kelib qolgan.
Mazkur muammo ishchi guruh tomonidan joyida ko‘tarilib, tegishli tashkilotlar e’tiboriga yetkazildi. Shuningdek, partiyaning Samarqand viloyati kengashi rahbariyati hamda xalq deputatlari viloyati Kengashi deputatlari Himmat Oqbo‘tayev va Gulbeka Qo‘chqorova tomonidan mas’ul idoralarga murojaatlar yo‘llanib, masala qat’iy nazoratga olindi.
Amaliy sa’y-harakatlar o‘z samarasini berdi. Bugungi kunda mazkur tibbiyot muassasasida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida qariyb 2 milliard 400 million so‘m mablag‘ hisobidan mavjud 50 qatnovli bino to‘liq qayta ta’mirlanib, 1-tip talablariga javob beradigan zamonaviy oilaviy poliklinikaga aylantirilmoqda.
Yangilangan muassasa kelgusida 8,5 mingdan ortiq aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatini yaratadi. Bu esa hudud aholisining tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Yaqinda partiya viloyat kengashi rahbariyati va deputat G.Qo‘chqorova qurilish ishlarining borishi bilan tanishdi. Tashrif davomida bajarilayotgan ishlar sifati, qurilish sur’ati va belgilangan muddatlarga alohida e’tibor qaratildi.
Qurilish-ta’mirlash ishlarida faol ishtirok etayotgan ishchi-xodimlarga mehnat jarayoni uchun zarur bo‘lgan maxsus ish kiyimlari va partiya targ‘ibot materiallari topshirildi.
Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, rekonstruksiya ishlarini joriy yilning 15 iyuliga qadar to‘liq yakunlab, ob’yektni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
“Al Beruniy” oilaviy shifokorlik punktida amalga oshirilayotgan bu o‘zgarishlar nafaqat bir binoga yangi qiyofa berish, balki jamoatchilik nazorati, xalq manfaati va ijtimoiy adolat tamoyillarining amaliy ifodasi hamdir. Eng muhimi, aholi tomonidan ko‘tarilgan muammo e’tibordan chetda qolmay, aniq yechim topyapti.
Lola Sayidova,
"Adolat" SDP viloyat Kengashi rais o‘rinbosari.