Kartoshka chipslari: mazali ermakmi yoki zarar?
Bugungi kunda kartoshka chipslari dunyoning eng ommabop mahsulotlaridan biriga aylangan. Ularni bolalar ham, kattalar ham sevib iste’mol qiladi.
Mazali ta’mi va qulayligi bilan chipslar ko‘pchilikning diqqatini tortadi. Biroq, bu mahsulotning salomatlikka ta’siri haqida hech kim o‘ylab ko‘rmaydi. 40 yoshdan oshgan ayollar uchun ushbu ermakning salomatlikka ta’siri alohida muhim. Chunki organizmdagi gormonal o‘zgarishlar, suyak zichligining pasayishi, yurak-qon tomir tizimining himoya funksiyasining susayishi chipslar tarkibidagi zararli moddalarga nisbatan ham sezgirlikni oshiradi. Ammo bu chiroyli va zararli bo‘laklar bizning organizmimizga qanday ta’sir qilishini hech o‘ylab ko‘rganmiz? Keling, bugun shu mavzuga to‘xtalamiz.
Kartoshka chipslari qanday tayyorlanadi?
Har qanday kartoshka chips tayyorlash uchun yaramaydi. Bunda maxsus «chipsli» navlar ishlatiladi. Ular yumaloq shaklga ega, qattiq va tarkibida kam miqdorda shakar bo‘lishi kerak. Ushbu kartoshkalardan tayyorlangan plastinkalar o‘simlik yog‘i (ko‘pincha kungaboqar yog‘i) solingan katta qozonlarga (frityur) yuboriladi. Yog‘ning harorati 150°C dan 190°C gacha bo‘lishi kerak. Chipslar bu yerda atigi 3 daqiqa davomida qovuriladi. Jarayon davomida plastinka ichidagi suv bug‘ga aylanib, uning o‘rnini yog‘ egallaydi va shu sababli chips zararli va qars-qurs bo‘lib qoladi. Qovurilgan chipslardan ortiqcha yog‘ oqizib olinadi. So‘ngra maxsus tayyorlangan ta’m qo‘shgichlar (tuz, ziravorlar, qurutilgan sabzavotlar, xushbo‘y hidlar, glutamat natriy kabi ta’m kuchgaytirgichlar) kartoshka chipslariga purkaladi yoki sepiladi.
Kartoshka chipslari nima uchun zararli?
• 100 g chipsda (o‘rtacha bir paketda) taxminan 500-550 kkal bor - bu o‘rta yoshdagi ayol uchun kunlik me’yorning deyarli uchdan bir qismidir. Shu bilan birga, chipslarda oqsil, tola, vitamin yoki minerallar deyarli yo‘q. Bu «tez» uglevodlar + yog‘lar bo‘lib, ular tezda yog‘ to‘qimasiga o‘tadi va ortiqcha vazn hamda semirishga sabab bo‘ladi.
• Chipslar frityurda qovuriladi va 30-40 foizgacha yog‘ni shimib oladi. Tarkibida to‘yingan yog‘ kislotalari va transyog‘lar mavjud. Transyog‘larning organizmga quyidagi nojo‘ya ta’sirlari bor: «yomon» xolesterinni oshiradi, «yaxshi» xolesterinni kamaytiradi, ateroskleroz, infarkt va insult xavfini oshiradi.
• 40 yoshdan oshgan ayollarda, organizmda estrogenlarning himoya ta’siri pasayganligi sababli, transyog‘larning yurak-qon tomir kasalliklari xavfi keskin ortadi.
• Bir qism chipsda (30-50 g) kunlik tuz me’yorining 30-40 foizigacha bo‘ladi. Natriyning haddan tashqari ko‘pligi: suvni ushlab qoladi, natijada qon bosimi ko‘tariladi, buyraklarga ortiqcha zo‘riqish tushadi, suyaklardan kalsiyni yuvib chiqaradi, bu perimenopauza va menopauza davridagi ayollar uchun juda muhim (osteoporoz kelib chiqish xavfi oshadi).
• Kraxmalli mahsulotlarni (kartoshka) 120°C dan yuqori haroratda qovurishda akrilamid hosil bo‘ladi - bu modda Xalqaro Saraton Tadqiqotlari Agentligi tomonidan «inson uchun kanserogen vosita» deb tan olingan. Akrilamid xujayralardagi DNKni shikastlaydi, saraton xavfini oshiradi (ayniqsa suyak, bachadon shilliq qavati va tuxumdonlar saratoni - bu ayollar uchun muhim). Chipslar qanchalik rangi to‘q va karsillagan bo‘lsa, akrilamid shunchalik ko‘p bo‘ladi.
• Ko‘pgina chipslar tarkibida lazzat qo‘shimchalari va ta’m kuchaytirgichlar (natriy glutamat) bo‘ladi. Natriy glutamat bu bosh og‘rig‘i, odatlanib qolish hissi va ta’m sezishning buzilishiga olib kelishi mumkin. Sun’iy xushbo‘ylantirgichlar va bo‘yoqlar jigar va immun tizimiga qo‘shimcha yuk beradi.
• Yog‘ va tuzning ko‘pligi oshqozon shilliq qavatini bezovta qiladi, gastrit va ko‘ngil aynishiga sabab bo‘lishi mumkin. Tola bo‘lmagani uchun ichak harakati sekinlashadi, qabziyatga olib keladi.
Kartoshka chipslarining organizmga foydasi bormi?!
Chipsda hech qanday foydali modda yo‘q. Hatto xom kartoshkada mavjud bo‘lgan S vitamini ham qovurilgandan keyin qolmaydi. Siz oladigan yagona narsa – karsillagan va sho‘r ta’mdan zavqlanishdir.
Kartoshka chipslari zararli mahsulot bo‘lib, ularni muntazam iste’mol qilish yurak-qon tomir tizimi, suyaklar va hatto onkologiya uchun xavfni sezilarli oshiradi. Agar sog‘lig‘ingizni qadrlasangiz (ayniqsa 40 yoshdan keyin bu juda muhim), ularni kundalik ratsioningizdan chiqarib tashlang. Agar juda ham istasangiz - oz miqdorda va kamdan-kam hollarda istisno sifatida ruxsat bering, lekin odatga aylantirmang.
Gulafzal Amonova,
Samarqand davlat tibbiyot universiteti patologik anatomiya kafedrasi dotsenti (PhD).