Samarqand tibbiyotida o‘tgan yilning muhim voqealari

* Oldinlari Toshkentdagi tibbiyot markazlarida amalga oshirilgan 320 turdagi yuqori texnologik operatsiyalar o‘tgan yil viloyatdagi 3 400 nafar bemorda amalga oshirilib, natijada poytaxtda davolanuvchilar soni ikki barobarga kamaydi.

* Samarqand shahrida ilk bor 2-Yevroosiyo tibbiyot kongressi va 1-Yevroosiyo hamshiralar kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda ilk bor murakkab robot xirurgiyasi operatsiyalari o‘tkazildi.

* BAA fondi ko‘magida yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazildi. Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida Birlashgan Arab Amirliklarining “NOOR-DUBAI” fondi moliyaviy ko‘magida tibbiy ko‘rik tashkil etilib, murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarildi.

* Respublika ixtisoslashgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialiga Turkiyadan kelgan jahon darajasidagi mutaxassis, professor Ozgur Klichekmez bir qator bemorlarda qalqonsimon bezda mikroto‘lqinli ablyasiya amaliyoti bo‘yicha operatsiya o‘tkazdi va bu borada filial jarrohlariga mahorat darsi o‘tdi.

Mazkur operatsiya ayni paytda dunyodagi yetakchi klinikalarda qo‘llanilayotgan yangi, samarali va xavfsiz amaliyot bo‘lib, choksiz, narkozsiz amalga oshiriladi va bemor tez tiklanadi.

* Mamlakatimiz rahbari tibbiyot xodimlari bilan o‘tgan uchrashuvda Ishtixondagi poliklinika misolida tibbiyotdagi birlamchi bo‘g‘inning zaif "nuqta"sini tanqid qildi. Mazkur yig‘ilishda birlamchi tibbiyot tizimida katta o‘zgarishlar bo‘lishi haqda aniq vazifalar belgilandi. Prezident aytilgan yangi tizimni joriy yilda Ishtixon bilan birga Samarqand shahri, Bulung‘ur tumani va qolgan viloyatlarning bittadan tumanida, keyingi yildan to‘liq Samarqand viloyatida, 2027 yildan esa bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy qilishga topshiriq berildi.

* Viloyatdagi barcha tibbiyot muassasalari raqamlashtirishga o‘tkazildi, D-MED tizimi bo‘yicha tibbiyot xodimlari o‘qitilishi tashkil etildi.

* Viloyat hokimi Adiz Boboyev germaniyalik tibbiyot vakillari bilan uchrashuvi davomida Samarqandda Germaniya Federativ Respublikasi bilan hamkorlikda tibbiyot yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlanishi belgilandi.

* Poliklinikalarda aholiga dori-darmon berilishi reimbursasiya dasturi bo‘yicha amalga oshiriladigan bo‘ldi. Eng ko‘p uchraydigan, ya’ni yurak-qon tomir, endokrin, nafas yo‘llari xastaliklari, oshqozon-ichak tizimi xastaliklari uchun 29 turdagi dori-darmonlar bepul ajratildi. Bu dasturga ko‘ra, har bir bemorga poliklinikada elektron retsept asosida kod beriladi. Bemor ushbu kod bilan istalgan poliklinikada o‘sha dorilarni bepul olishi mumkin bo‘ldi.

* Insultni davolashning yangicha yondashuvlari joriy qilindi. Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Samarqand filiali shifokorlari tomonidan respublikamiz tibbiyot tizimida birinchilardan bo‘lib, insultni davolash yuzasidan yangicha yondashuvlar asosida yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

* Nurobodda yangi reabilitatsiya markazi faoliyat boshladi.

* Ilk bor Yevroosiyo bolalar xirurglari konfederatsiyasining kongressi o‘tkazildi.

*4-8 noyabr kunlari Singapurda bo‘lib o‘tgan 21-Butunjahon endoskopik jarrohlik kongressi (WCES-2025)da o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari, xususan, samarqandlik shifokorlarning mahorati ham e’tirof etildi.

* Samarqandda ilk bor keng ko‘lamdagi, bir oy davom etgan Salomatlik marafoni o‘tkazildi.

* Samarqand shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi.