Bugun Xalqaro televideniye kuni
O‘z davrida televideniye jurnalistikada muhim burilish yasadi. Insonlar axborotni eshitish bilan birga uni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Televideniye axborot tarqatish vositasi sifatida hayotimizda muhim o‘rin egalladi.
1996 yilda BMT Bosh assambleyasi ilk marotaba Butunjahon televizion forumini tashkil etish haqida qaror qilib, tadbir o‘tkaziladigan sana - 21 noyabrni Butunjahon televideniye kuni deb e’lon qildi. Dunyoning aksariyat davlatlarida soha vakillari ushbu kunni oddiy sana emas, balki bayram sifatida nishonlaydi.
Ko‘plab manbalarda televizorning vatani deya poytaxtimiz Toshkent e’tirof etilgan. Elektron televideniye tizimi 1928 yilda toshkentlik ikki kashfiyotchi B.Grabovskiy va I. Belyanskiy tomonidan yaratilgan. Tajriba sifatida qo‘llanilgan ilk televizion uskuna o‘sha paytda “telefot” deb nomlangan.
Bugungi kunda viloyatimizda bitta televideniye faoliyat yuritib, unda 80 dan ortiq xodim mehnat qiladi. Bir kunlik efir hajmi 18 soatni tashkil etadi.