Bugun Butunjahon televideniye kuni: “STR”da jonli efirlar soati qanchaga ortdi?
BMT Bosh Assambleyasining 1996 yildagi qaroriga ko‘ra, 21 noyabr – Butunjahon televideniye kuni sifatida belgilangan. Shu bahona viloyat teleradiokompaniyasi direktori, viloyat Kengashi deputati Mirzo Ixtiyorovga bir necha savollar bilan murojaat qildik.
- Keyingi yillarda viloyat teleradikompaniyasi faoliyatida qanday o‘zgarishlar ro‘y bergani haqidagi ma’lumotingiz bilan suhbatni boshlasak.
- Bugungi teletomoshabin kechagisidan farq qiladi. Uning talabi ham oshgan. Ana shu talabga munosib bo‘lish zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Keyingi davr Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi uchun ham o‘ziga xos ijodiy yuksalish yillari bo‘ldi. Bugungi kunda viloyat televideniyesining bir kunlik efir hajmi 18 soatni tashkil qiladi. O‘tgan davr mobaynida “Maxsus reportaj”, “Ma’naviyat saboqlari”, “Biz tomonlarda”, “Assalom, Samarqand”, “Murojaat va ijro” kabi yangi ruknlar ostidagi ko‘rsatuvlar tayyorlanishi yo‘lga qo‘yildi.
Eng asosiysi, keyingi yillarda teletomoshabinlar talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda dasturlar tayyorlana boshladi. Bir qolipga tushib qolgan, teletomoshabin va radiotinglovchiga ma’qul bo‘lmaydigan, efir soatini to‘ldirish uchun nomiga tayyorlanadigan ko‘rsatuv va eshittirishlardan mutlaqo voz kechilyapti. Buning o‘rniga tezkor jarayonlar, yangilanish va o‘zgarishlar haqida lavha va eshittirishlar tayyorlab, efirga uzatishga, odamlarni yaqin vaqt ichida viloyatda ro‘y berayotgan yangiliklar bilan o‘z vaqtida tanishtirib borishga harakat qilyapmiz.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va deputatlar faoliyatini yorituvchi “Deputat minbari”, viloyatdagi sektorlar hayoti xususida “Sektorda bir kun”, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi yurtdoshlarimiz turmush tarzini boricha ko‘rsatadigan “Biz tomonlarda”, fuqarolarning murojaatlari asosida tayyorlanadigan “Murojaat va ijro”, joylardagi muammoli masalalar va ularga nisbatan jamoatchilik e’tiborini qaratuvchi “Agar xulosa qilmasak, xalq bizni kechirmaydi”, viloyatdagi tegishli boshqarma va tashkilotlar rahbarlari hamda shahar va tumanlar hokimlari ishtirokidagi “Ochiq muloqot” singari 20 dan ortiq ko‘rsatuvlar tayyorlanib, efirga uzatilmoqda.
- “Ochiq muloqot” dasturida tilga olingan muammolar joylarda qay darajada yechim topyapti?
- Bu ko‘rsatuv jonli tarzda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilyapti, shuning uchun bugun xalqning haqiqiy minbariga aylandi. Mazkur dasturning haftaning dushanba kuni efirga uzatiladigan sonlarida shahar va tumanlar hokimlari, payshanba kuni esa viloyatdagi tashkilot va boshqarmalar mas’ul rahbarlari ishtirok etib, viloyat aholisidan tushgan savollarga javob qaytarib, ularning murojaatlariga yechim topishga intilmoqda. Mazkur jarayonda esa fuqarolar o‘z savollarini telefon va ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan foydalangan holda berishyapti. Eng asosiysi, ushbu ko‘rsatuv orqali ko‘plab yurtdoshlarimizni qiynab kelayotgan masalalar ijobiy hal etilyapti. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida dastur orqali fuqarolardan 1500 dan ortiq murojaat kelib tushdi. Tahlillarga ko‘ra, ko‘rsatuvda ko‘tarilgan muammoli masalalarning 82 foizi bugungacha o‘z yechimini topgan. Qolgan murojaatlar ham nazoratdan olingan emas, vaqt talab qilgani bois ijrosi biroz ortga surilmoqda.
Mazkur ko‘rsatuvning ta’sirchanligini oshirish uchun bugun katta ijodiy va texnik jamoa ishlamoqda. Ayniqsa, joylardan o‘tgan galgi ko‘rsatuvda tushgan murojaatlarning ijrosiga alohida e’tibor qaratilib, tanqidiy va tahliliy lavhalar tayyorlanyapti.
- Sizningcha, tanqidiy, tahliliy ko‘rsatuvlar sonini ko‘paytirish lozimmi yoki mavjudlarining samaradorligini oshirishga e’tibor qaratish kerakmi?
- Har bir murojaatni o‘rganishda jurnalistlarimiz vakolati doirasida ish tutadi. To‘g‘ri, kimnidir “Aliment puli to‘lamading”, deb qamab qo‘yish vakolati yo‘q bizda. Biroq, muammoga ijro hokimiyati, tegishli organlar, jamoatchilik e’tiborini qaratishga harakat qilamiz. Endi ushbu yo‘nalishdagi ko‘rsatuvlarimizda yondoshuvni sal o‘zgartirib, davr talabiga javob beradigan tarzda tayyorlashimiz kerak. Ko‘rsatuvlar sonini ko‘paytirish emas, balki mavjudlarida samaradorlikka erishish asosiy vazifamiz bo‘ladi.
- Viloyat teleradiokompaniyasida hozirjavoblik, axborotni qisqa muddatda yetkazish borasida qanday ishlar qilinyapti?
- Bugun tezkorlik borasida internet va ijtimoiy tarmoqlarning imkoniyati ancha kengaydi. Biroz avval viloyatning qaysidir burchagida sodir bo‘lgan voqea-hodisa soat emas,daqiqalar ichida eskirib ulgurmoqda. Odamlar biror voqea-hodisa haqida qisqa vaqt ichida ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lumot olyapti. Bu jarayonda televideniye va radioning imkoniyatlarini zamonaviy texnologiyalar asosida ishga solyapmiz.
Joriy yil boshidan aynan o‘sha jihatlar e’tiborga olinib, “Kun xabarlari” informatsion dasturi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur dastur kun davomida uch marotaba, iloji boricha ikki soatda yangilanib, efirga berilyapti. “Diyor yangiliklari” informatsion dasturida ham asosiy yangiliklar tezkor ravishda efirga uzatilishiga e’tibor qaratyapmiz.
Global internet va ijtimoiy tarmoqlar tobora ommalashib borayotgan bir paytda axborot tezkorligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratmasak, teletomoshabin va tinglovchilar e’tiborini yo‘qotishimiz mumkin.
- Televideniye va radio ko‘proq texnik yangilanishni yoqtiradi. Shu nuqtai nazardan viloyat teleradiokompaniyasida qanday ishlar qilindi?
- Darhaqiqat, tyexnika televideniye va radioda yangi imkoniyatlarni yaratadi. Ijodiy va texnik xodimlarning ish samaradorligini oshiradi. Shu ma’noda Samarqand viloyat teleradiokompaniyasini texnik jihozlash borasida tizimli ishlar olib borilyapti.
Birgina 2020 yilning o‘zida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tomonidan 2 ta avtotransport vositasi ajratildi. Viloyat hokimligi esa 1 ta fotokamera, 3 ta telekamera olib berdi. Natijada joylardan lavha va reportajlar tayyorlash uchun mo‘ljallangan telekameralar soni 12 taga yetdi. Ochig‘ini aytish kerak, bir paytlar 4 ta telekamera bilan joylardagi tadbirlar, muhim uchrashuvlarni qamrab olishga harakat qilganmiz. Endilikda esa bu yo‘nalishdagi ishlarimiz ancha jonlandi. Teledasturlarning geografiyasi kengaydi, rang-baranglikni ta’minlashga erishyapmiz.
Yana bir yangilik. 2021 yilning noyabr oyida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tomonidan bir dona uchuvchisiz qurilma (Dron) va yuqorida ta’kidlaganimdek, bir dona joylardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reportaj tayyorlash imkoniyatini beruvchi “AVIVEST” qurilmasi bilan ta’minlandik. Bularning barchasi global internet tarmog‘i rivojlanib borayotgan bir paytda axborot tezkorligini ta’minlash, viloyatning turli burchaklarida bo‘layotgan voqeliklarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatish imkoniyatini yaratyapti. Bundan tashqari “RONIN” qurilmasiga ega bo‘ldik.
Yormamat Rustamov suhbatlashdi.