Teledars o‘tayotgan o‘qituvchilar Prezident maktabiga joylashtirildi

Yurtimizda maktab o‘quvchilari uchun televizion darslar tayyorlashning uzluksizligini ta’minlash hamda tasvirga olish jarayonida ishtirok etayotgan o‘qituvchilar va ularning yaqinlarini koronavirus (COVID-19) infeksiyasidan himoya qilish maqsadida qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, Hukumat komissiyasi teledarslarni tayyorlashda ishtirok etayotgan pedagoglar hamda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi xodimlarining COVID-19 infeksiyasini yuqtirib olishlarining oldini olish maqsadida darslarni tasvirga olish jarayonini kerakli sharoit – moddiy-texnika bazasi va yotoqxonasi mavjud bo‘lgan Toshkent shahridagi Prezident maktabida tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 mart kuni mamlakatimizda teledarslar namoyish etilishi boshlangan. Ushbu teledarslar Xalq ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida tayyorlanib, MTRK studiyalarida tasvirga olinayotgan edi.

Hozirgi kunga qadar o‘qituvchilar hamda teleradiokompaniya xodimlari uyidan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining Media markaziga qatnagan holda teledarslarni tayyorlayotgan edi. Onlayn-maktab loyihasining barcha ishtirokchilarini koronavirus (COVID-19) infeksiyasidan himoya qilish maqsadida teledarslarni bir joyda tayyorlash bo‘yicha qaror qabul qilindi.

— Hukumat komissiyasining qaroriga ko‘ra, o‘qituvchilar va MTRK xodimlari teledarslarni Toshkent shahridagi Prezident maktabi binosida tasvirga olishni boshlashdi. Ushbu qaror birinchi navbatda loyihada ishtirok etayotgan pedagog va MTRK xodimlari hamda ularning yaqinlari sog‘lig‘ini himoya qilishga qaratilgan, — dedi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.

Loyihaning barcha 158 nafar ishtirokchilari koronavirusni aniqlash bo‘yicha virusologik tekshiruvdan o‘tkazildi va test natijalariga asosan Prezident maktabiga joylashtirildi. Pedagog va teleradiokompaniya xodimlari faoliyati uchun kerakli barcha sharoitlar yaratildi. Jumladan, jalb qilingan xodimlarga alohida yotoq anjomlari xarid qilindi.

Teledarslarni takomillashtirish maqsadida jalb etilgan mutaxassislar esa o‘z faoliyatini masofadan davom ettiradi. Ular teledarslarni suratga olish uchun materiallarni tayyorlashda va darslarni efirga uzatishdan avval ko‘rib chiqishga ko‘maklashadi.