Prezident maktabi: Bitiruvchilarning 9 nafari 20 ga yaqin xalqaro universitetlarga grant yutdi
Samarqand shahridagi Prezident maktabida 169 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularga 19 nafar mahalliy va 9 nafar xorijlik o‘qituvchi dars beradi. Maktabda tahsil olayotgan 24 nafar bitiruvchi o‘quvchilarning 9 nafari hozirdanoq 20 ga yaqin nufuzli xalqaro xorijiy oliy o‘quv yurtida o‘qish huquqini beruvchi grant g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, maktabning 8 nafar o‘quvchisi xalqaro olimpiada hamda 2 nafar o‘quvchisi xalqaro tanlov g‘olibligini qo‘lga kiritgan.
11-sinf o‘quvchisi Anvar Ibodullayev ana shunday iqtidorli yoshlardan biri. U IELTS imtihonlaridan 7,5 ball hamda xalqaro SAT imtihonlarida 1440 ball olgan.
- Yoshligimdan iqtisod va axborot texnologiyalari sohasiga qiziqaman, - deydi Anvar. – O‘qishga ham shu yo‘nalishdagi 20 ta xalqaro universitetga hujjat topshirdim. Hozircha AQSh va Britaniyadagi 7 ta nufuzli universitetda o‘qish uchun grantni qo‘lga kiritdim. Maqsadim, AQShdagi New York University Shanghai universitetida o‘qib, yurtimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo‘shish.
Prezident maktabida o‘quv jarayoni Kembrij universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan reja va dasturlar asosida ingliz tilida olib borilmoqda. Darslar xorijlik va mahalliy o‘qituvchilar tomonidan zamonaviy texnologiyalar asosida noan’anaviy usulda o‘tilyapti.
- O‘quvchilarning bilim olishga ishtiyoqi, intilishi juda kuchli va mavzularni tez o‘zlashtirishadi, - deydi ingliz tili fani o‘qituvchisi, amerikalik Donnell Blak. – Chunki ularning niyati bitta – faqat o‘qish. Qariyb ikki yildan buyon dars berib, bunga amin bo‘ldim. O‘quvchilarga asosan real hayotdagi mavzular qiziq va ular ko‘proq jamoa bo‘lib ishlashni yaxshi ko‘radi. Ular bilan munosabatimiz yaxshi, darsdan tashqari to‘garak o‘tamiz va mavzuga tushunmagan bo‘lsa, alohida tushuntirib beramiz.
- Prezident maktabida har bir sinfda 12 nafardan o‘quvchi ta’lim olishi menga yoqdi, - deydi 11-sinf o‘quvchisi Shahrizoda Sirojiddinova. - Bu dars jarayonida ustozlar bilan yaqin muloqotda bo‘lish, fanga oid mavzularni yaxshi o‘zlashtirishga yordam bermoqda. Ayniqsa, har bir mashg‘ulot xorijlik va mahalliy ustozlar tomonidan o‘tkazilayotgani fanlarni mukammal o‘zlashtirishimizga imkoniyat yaratyapti va samarasini ham bermoqda. Shu kunga qadar AQSh, Yangi Zelandiya, Avstraliya va Yevropadagi 30 ta nufuzli xalqaro universitetga hujjat topshirganman. Hozir AQShdagi uchta universitetda o‘qish uchun 200 ming dollarlik grantni qo‘lga kiritdim. Qolganlarining javobi endi chiqadi. Nasib qilsa, AQShdagi Colorado State Universityning muhandislik yo‘nalishida o‘qib, rivojlangan mamlakatlar tajribalarini O‘zbekistonda ham joriy qilmoqchiman.
Maktabda joriy o‘quv yilida 11-sinfni bitirayotgan o‘quvchilarning barchasi yuqori ko‘rsatkich bilan nufuzli xalqaro ta’lim dargohlarida o‘qish uchun yo‘llanmalarni qo‘lga kiritgan. Ularning IELTS darajasi o‘rtacha 7 ball bo‘lib, har bir o‘quvchining o‘zlashtirishi, erishgan yutuq va kamchiliklari tahlil qilib borilmoqda.
- O‘quvchilarning faoliyatini tahlil qilish maqsadida psixologik monitoring tizimi joriy qilingan, - deydi maktab psixologi Lobar Kuralova. – O‘quvchilarning darsni o‘zlashtirishi, kayfiyati, o‘zini tutishi, umuman faoliyati qizil, sariq, yashil toifada baholanib boriladi. Misol uchun, bu yerda iqtidorli bolalar ko‘p. Shu bois, ayrim o‘quvchilar o‘zlaridan kuchli bolalarni ko‘rganda o‘ziga ishonch biroz kamayishi mumkin. Bunday vaziyatda o‘zlashtirish darajasi yuqori bo‘lgan o‘quvchilar bilan hamkorlikda o‘zlashtirishi past tengqurlari bilan birga do‘stona ishlaymiz, iqtidorini yanada oshirish, o‘ziga ishonchini mustahkamlashga doir turli mashqlar bajarib, hordiq chiqarishlarini tizimli tashkil qilamiz.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.