Aytsam tilim kuyar, aytmasam dilim

Yaqinda Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida xizmat safarida bo‘lganimizda binolar, savdo va xizmat ko‘rsatish obe’ktlarida joylashtirilgan tashqi reklama vositalari, peshlavhalar e’tiborimizni tortdi.

Barchasi deyarli bir xil shakl va rangda, yarq etib ko‘zga tashlanmaydi. Ulardan faqatgina belgi, ko‘rsatkich sifatida foydalanilayotgani ko‘rinib turibdi.

Shahar ma’muriyati vakilidan buning boisini so‘raganimda Sankt-Peterburgning tarixiy qismida barcha tashqi reklama vositalari, obe’ktlar nomlarini yozishning tartibi belgilab qo‘yilgani va barcha unga rioya qilishini aytdi.

– Reklama vositalari va turli xil nomlar emas, shaharning go‘zalligi, tarixiy binolari, saroy va muzeylarimiz sayyohlar e’tiborini tortishi, ularni bor bo‘y-basti bilan ko‘rishi kerak, – dedi u.

Uning aytishicha, shaharda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan binolarni ta’mirlash, eshik-romlarni almashtirish, hatto devorlarni ranglash uchun shahar ma’muriyati tomonidan tasdiqlangan tartib, belgilangan ranglar bor ekan.

Ana shu gap turtki bo‘ldi-yu, Samarqandga kelganimdan so‘ng shaharni aylanib, binolarimizdagi tashqi reklama vositalariga nazar soldim. Va afsuski, bizda hali bu borada ko‘p ishlarni amalga oshirish, qat’iy tartib-qoidalarni joriy etish zarurligiga ishonch hosil qildim.

Albatta, bizda ham “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun bor va unda tashqi reklama va axborot obe’ktlari (konstruksiyalari)ni joylashtirish tartibi belgilab qo‘yilgan.

Xususan, qonunning 23-moddasida tashqi reklama va axborot obe’ktlari (konstruksiyalari) yer uchastkalariga, binolarning, inshootlarning yoki ular majmualarining sirtiga (tomiga, old tomoniga, devorlariga), ko‘priklarga va yo‘l o‘tkazgichlarga, jamoat transporti bekatlariga, shahar muhiti elementlariga (parkinglar, tumbalar, taksofonlarga va boshqalarga), muayyan hududdagi (shahar muhiti) tashqi infratuzilmaning boshqa obe’ktlariga o‘rnatilishi mumkinligi qayd etilgan.

Shu bilan ushbu moddada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari o‘rnatiladigan tashqi reklama va axborot obektlari (konstruksiyalari) orasidagi masofalar normativlarini, mulk shaklidan qat’i nazar, yer uchastkalariga, shuningdek, binolarga yoki boshqa ko‘chmas mulkka o‘rnatish chizmalarini tasdiqlashi belgilangan.

Bunda tashqi reklama va axborot obe’ktlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasi shaharsozlik rejalashtirish hujjatlariga muvofiq bo‘lishi hamda mavjud binolarning tashqi me’moriy qiyofasiga, shaharsozlik normalari va qoidalariga, xavfsizlik talablariga rioya etilishi kerak. Ammo bugun Samarqand shahrining asosiy yo‘llari va doim sayyohlar bilan gavjum bo‘ladigan hududlarida tarixiy bino va inshootlar emas, reklama vositalari avvalo, kishi e’tiboriga tushadi. Ularning shakli, rangi va yozuvlari, foydalanilgan vositalar ham go‘yoki har kim o‘zi xohlaganidek o‘rnatib olgandek tasavvur uyg‘otadi kishida. Ularning tili haqida-ku gapirish ortiqcha – hammasi yaqqol ko‘rinib turibdi. Hatto ayrim ruscha so‘z va nomlarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilgani qonun me’yorlarini har kim o‘z bilganicha talqin qilayotganidan dalolat beradi.

Yana “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunga nazar solamiz. 6-moddada O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatilishi belgilangan (faqatgina belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan tovar, xizmat ko‘rsatish belgilari, bosma usulda terilgan bo‘g‘inli belgilar (logotiplar) asli qaysi tilda bo‘lsa, shu tilda beriladi). Shu bilan birga, reklamaning boshqa tillardagi tarjimasini ham berish tartibi qayd etilgan. Unga ko‘ra, tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining 40 foizidan oshmasligi kerak. Tarjima matni harfining o‘lchami esa davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi lozim.

Hozircha, Samarqand shahrida bu qonun talablariga to‘la-to‘kis rioya qilinmoqda, deb bo‘lmaydi. To‘g‘ri, joy nomlari, yo‘l ko‘rsatkichlar va korxona, tashkilotlar peshlavhalarini yozishda qonun me’yorlariga rioya etilmoqda. Ammo asosan, xususiy tadbirkorlik sube’ktlariga tegishli savdo va xizmat ko‘rsatish maskanlari nomlarini yozish, tashqi reklama vositalarini joylashtirishda qonunbuzilish holatlari uchramoqda.

Samarqand yurtimizning asosiy turizm darvozasiga aylanmoqda. Har yili millionlab sayyohlar, nufuzli delegatsiyalar qadimiy shaharga tashrif buyurmoqda. Ko‘plab xalqaro anjumanlar, forumlar ham shu azim kentda o‘tkazilmoqda. Endi shahar bezatish, nomlarni yozish va reklama vositalarini o‘rnatishda, avvalo, o‘zimiz amaldagi qonun va tartib-qoidalarimizga qat’iy amal qilsak, keyin buni boshqalardan ham talab qilsak, ayni muddao bo‘lardi.

G‘olib Hasanov.