Munajjimlar bashorati: Ot yili nimalarni va’da qiladi?
Sharq taqvimiga ko‘ra, 2026 yil qizil olovli ot yili ostida o‘tadi. Ushbu ramz quvvat, harakat va yangilanish bilan bog‘liq bo‘lib, bunday uyg‘unlik 60 yilda bir marta kuzatiladi.
Ot - kuch va olijanoblik ramzi. U chidamlilik, tezlik, jasorat, sadoqat, sabr-toqat va erkinlikka intilish kabi fazilatlarni o‘zida mujassam etadi.
Astrologlarning ta’kidlashicha, 2026 yil nisbatan barqaror kechadi. O‘zgarish, faollik va imkoniyatlar yili rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirish uchun qulay keladi. Biroq moddiy manfaat ustuvor yo‘nalish bo‘lmaydi, ma’naviy o‘sish, insonlar bilan munosabat va o‘z ustida ishlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Qat’iy qarorlar, kasbiy o‘sish va shaxsiy rivojlanish uchun qulay sharoitlar yaratiladi. Bu yilda ortiqcha xarajat va mojarolardan tiyilgan ma’qul. Otning quvvati to‘g‘ri yo‘naltirilsa, u muvaffaqiyat manbaiga aylanadi.
Qizil olovli ot yili barcha burj vakillari uchun shaxsiy o‘zgarish davri bo‘ladi. Bu yil mustaqillik, o‘zini namoyon etish, yangilikka ochiqlik va intilishni talab etadi. Faol, qat’iyatli va samimiy insonlar uchun ayniqsa, omadli bo‘ladi. Ot, yo‘lbars va maymun burjlari ostida tug‘ilganlarga o‘sish va yangi imkoniyatlar va’da qilinmoqda. Boshlagan ishini oxirigacha yetkaza oladiganlar uchun ham yil muvaffaqiyat keltiradi. Umuman, 2026 yil o‘zgarishlarga tayyor, intiluvchan va o‘z ustida ishlaydiganlar uchun qulay bo‘lib, yilning ikkinchi yarmida halollik va intizom sharti bilan karera va shaxsiy hayotda yutuqlarga boy keladi.
Yangi yil - oilani bir joyga jamlaydigan, qalblarni yaqinlashtiradigan bayram. Yil qanday kelishi esa avvalo, har kimning o‘ziga bog‘liq. Shunday ekan, samimiyat, haroratli so‘z va chin dildan qilingan orzu-niyatlar albatta, o‘z mevasini beradi.
Yaqinlaringizdan iliq so‘zingizni ayamang, ularni qo‘llab-quvvatlang, ishonch bildiring. Zero, shu kichik, ammo samimiy mehr belgilari birlashib, kelayotgan yilda mo‘’jizaga aylanishi shubhasiz.
Gulnora XOLDOROVA tayyorladi.