Iste’molchilar foydasiga qariyb 11 milliard so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi matbuot anjumanida 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2026 yil uchun belgilangan asosiy maqsad va vazifalar yuzasidan axborot berildi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, hududiy boshqarma tomonidan, eng avvalo, byudjet va korporativ buyurtmachilar ishtirokida o‘tkazilayotgan elektron tender va tanlov savdolarida raqobat qonunchiligi talablariga rioya etilishi yuzasidan tizimli o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Ushbu jarayonlarda ishtirokchilar o‘rtasida kelishib olingan harakatlarni aniqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2025 yil davomida viloyatda jami 1384 ta tanlov savdolari o‘rganib chiqilib, 1373 tasida turli kamchiliklar aniqlangan. Natijada 83 ta ko‘rsatma berilgan, 85 nafar mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan hamda 713 million so‘m miqdorida moliyaviy jarimalar qo‘llanilgan.

- Shuningdek, bozor ishtirokchilari uchun yuqori likvidli tovarlar, ishlar va xizmatlardan teng foydalanish shart-sharoitlarini yaratish maqsadida mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yish grafiklarining kunlik teng taqsimlanishi, belgilangan muddat va hajmlarga rioya qilinishi qat’iy nazorat qilinmoqda, - deydi boshqarma boshlig‘i Boboxon Toyirov. - Bu orqali mahsulot narxlarining asossiz oshishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmoqda. 2025 yilda 22 ta korxona faoliyati belgilangan tartibda tekshirilib, 2 mlrd 543 mln so‘m miqdorida asossiz olingan daromadlar va moliyaviy jarimalar undirilishi ta’minlandi.

Anjumanda tovar va moliya bozorlarida raqobat muhiti holati, ustun mavqega ega korxonalar hamda tabiiy monopoliya sub’yektlari faoliyatini tahlil qilish ishlari doimiy ravishda olib borilayotgani qayd etildi. Xususan, chiqindilarni olib chiqish xizmatlari sohasida 5 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yekt ustun muzokara kuchiga ega korxonalar sifatida e’tirof etildi.

Bundan tashqari, ichki bozorning to‘yinganligi, mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyoj hajmi va narxlar dinamikasi hudud va tarmoqlar kesimida tahlil qilib borilmoqda. Joriy yil davomida bolalar tagliklari, gigiyenik mahsulotlar, tish pastasi, sintetik iplar, penopolistirol, poliuretan pena, kabel, gul qog‘oz va kartoshka kabi 9 ta tovar bozori bo‘yicha tegishli ma’lumotlar qo‘mitaga taqdim etilgan.

Hududiy boshqarma tomonidan mahalliy hokimliklar va davlat boshqaruv organlarida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi bo‘yicha kompleks o‘rganish ishlari ham amalga oshirilmoqda. 2025 yil natijalariga ko‘ra, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan shahar va tuman hokimliklariga hamda davlat organlariga 18 ta taqdimnoma kiritilgan.

Insofsiz raqobat holatlari bo‘yicha 5 ta korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, Payariq tumanida gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari tomonidan gaz narxlarini kelishib asossiz oshirish holatlari aniqlanib, aybdorlarga nisbatan moliyaviy va ma’muriy choralar ko‘rilgan.

Anjumanda dori vositalari narxlarini asossiz oshirish holatlari bo‘yicha ham ma’lumot berildi. O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 494,0 mln so‘m iste’molchilarga qaytarilgan, 737 mln so‘m esa byudjetga undirilgan.

Shu bilan birga, ichki bozorda sotilayotgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligi bo‘yicha 119 ta nazorat xaridi o‘tkazilib, 76 tasida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli choralar ko‘rilgan.

Reklama sohasida ham doimiy monitoring ishlari olib borilib, 2890 ta reklama o‘rganilganda 115 holatda qonunbuzilishlar o‘z vaqtida bartaraf etilmagani uchun reklama egalariga nisbatan 2 mlrd 460 mln so‘m miqdorida moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilgan.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida kelib tushgan 6712 ta murojaatning 95,2 foizi ijobiy hal etilgan bo‘lib, 10 mlrd 750 million so‘m mablag‘ iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.

Anjuman yakunida hududiy boshqarma oldiga qo‘yilgan barcha vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish 2026 yilda ham asosiy ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolishi ta’kidlandi.