Pul baxt keltiradimi?
Bu savol asrlar davomida bahslarga sabab bo‘lib keladi. Baxtli bo‘lish uchun faqat pulning o‘zi yetarlimi? Bunday savollarga albatta, insonlarning fikri turlicha.
Ko‘pchilik “pul baxt keltirmaydi, muhimi, sog‘liq bo‘lsa, hammasi bo‘ladi”, degan gapni takrorlaydi. Biroq iqtisodiy qiyinchilikka duch kelinganda, bu gap o‘z kuchini yo‘qotadi.
Insonlar hayoti bilan bog‘liq tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, pul ma’lum bir darajada haqiqatan baxtlilik hissini oshiradi. Chunki insonning asosiy ehtiyojlari moddiy ta’minot - oziq-ovqat, uy-joy, mashina va boshqa vositalar bilan bog‘liq. Puli bo‘lgan inson yaxshi yashaydi, birovlarga qaram bo‘lmaydi, hayotiy faoliyatini to‘la-to‘kis davom ettiradi. Farzandlarining kelajagi, kundalik hayoti uchun sarmoya kiritish imkoniyatiga ega. Masalan, bolalarini zamonaviy bog‘chaga qo‘yadi, o‘qitish tizimi yaxshi bo‘lgan maktabda o‘qitib, qo‘shimcha o‘quv kurslarga pul to‘lay oladi. Bu ehtiyojlar esa pul bilan qondiriladi.
Biroq mukammal yashash tarziga o‘tilganda pul o‘z qiymatini yo‘qotadi. Masalan, yangi mashina, qimmatbaho uy va buyumlar bizga bir necha kun yoki yilgina quvonch ato etishi mumkindir, ammo baxt berolmaydi. Aslida baxt moddiy buyumlarda emas, balki biz ega bo‘ladigan tajribalarda. Masalan, bilim olish, sayohat va tajriba orqali kishining fikrlash qobiliyati oshadi. Pul - bu maqsad emas, shunchaki vosita. Maqsadi aniq bo‘lgan, tinimsiz izlangan, harakat qilgan inson uchun pul topish muammo emas.
Insonlar hayotidan kelib chiqib fikrlaydigan bo‘lsak, baxt pulga sotilmaydi. Oilaviy xotirjamlik, farzandlari bilan vaqt o‘tkazish ota-ona uchun baxt.
Dunyodagi eng boy insonlar ham tinch uyquni, samimiy do‘stlikni pulga sotib ololmaydi. To‘g‘ri, pul hayotni osonlashtirdi, lekin mazmunli qila olmaydi. Zamonaviy dunyoda pul - stressdan himoyalanish vositasi. Muammo aslida pulning borligida emas, balki unga qanday munosabatda bo‘lishimizda. Agar har qanday inson pul yig‘sa, boy bo‘la oladi. Mablag‘ini o‘zini, atrofdagilarni rivojlantirishga sarflasa, u boshqalarga ham baxt ulashadi.
Sevinch ABRIYeVA.