Dunyoda ilk marta aholini ro‘yxatga olish  1790 yil AQShda o‘tkazilgan

Tarixiy manbalarga ko‘ra, aholini ilk bor davlat miqyosida rasmiy ro‘yxatga olish 1790 yilda Amerikada o‘tkazilgan.

Bunga asos sifatida AQSh Konstitutsiyasining I moddasi, 2-qismi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra Kongressdagi vakillik aholi soniga mutanosib ravishda taqsimlanishi va aholi har 10 yilda bir marta ro‘yxat orqali aniqlanishi shart edi.

1790 yil 1 mart kuni Kongress tomonidan “AQSh aholisini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Ro‘yxatga olish ishlari 1790 yil 2 avgust kuni boshlangan va 9 oy davomida yakunlangan.

Kimlar ro‘yxatga olingan?

Qonun talabiga ko‘ra:

1790 yil 2 avgust kuni muayyan oilada doimiy yashab turgan har bir shaxs shu oila tarkibida qayd etilgan.

Doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan, lekin muayyan hududda bo‘lgan shaxslar o‘sha joy bo‘yicha hisobga olingan.

Vaqtincha boshqa joyda bo‘lgan shaxslar esa o‘z odatiy yashash manzili bo‘yicha kiritilgan.

Kimlar mas’ul bo‘lgan?

Prezident Jorj Vashington umumiy federal nazoratni amalga oshirgan.

Har bir federal sud okrugida AQSh marshali ro‘yxatga olish uchun mas’ul etib belgilangan.

Marshal yordamchi marshallarni tayinlagan.

Yordamchilar maxsus qasamyod qilgan va barcha shaxslarni to‘liq va adolatli ro‘yxatga olishga majbur bo‘lgan.

16 yoshdan oshgan har bir shaxs haqqoniy ma’lumot berishga majbur bo‘lgan. Aks holda 20 dollar miqdorida jarima qo‘llanilgan.

Qanday savollar berilgan?

Ro‘yxatga olishda quyidagi ma’lumotlar yig‘ilgan:

- oila boshlig‘ining ismi;

- 16 yosh va undan katta erkin oq tanli erkaklar soni;

- 16 yoshgacha bo‘lgan erkin oq tanli erkaklar soni;

- barcha erkin oq tanli ayollar soni;

- barcha boshqa erkin shaxslar (erkin afroamerikaliklar);

- qullar soni.

Ro‘yxatga olish qog‘oz shaklida amalga oshirilgan. Ro‘yxat varaqlarining o‘lchami taxminan 10 santimetrdan 90 santimetrgacha bo‘lgan.