Samarqandliklarning ixtirolari samara beryaptimi?

Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim berish bilan birga ilmiy tadqiqotlar olib boriladi, ilmiy izlanishlar samara bersa, ularga patent olinadi. Keyingi yillarda oliy ta’lim muassasalarida qanday ixtirolar yaratilgani va ularning hayotga joriy etilgani bilan qiziqdik.

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida oxirgi bir yilda oltita ixtiroga patent olingan. Ulardan biri arpaning Bek navi bo‘lib, ushbu nav hosildorligi, kasallikka chidamliligi va ertapisharligi bilan ahamiyatli.

- Arpaning Bek navi bo‘yicha 2-3 yildan beri ilmiy tadqoqotlar olib boryapmiz, o‘tgan yilning avgust oyida patent oldik, - deydi institutning agrobiologiya fakulteti dekani, professor G‘ulom G‘aybullayev. – Institutimiz Jomboy tumanida joylashgan Yodgor Nazarov fermer xo‘jaligi bilan hamkorlikda faoliyat olib bormoqda. Mazkur fermer xo‘jaligining 20 gektar yer maydoniga arpaning Bek navi birlamchi urug‘chilik maqsadida ekildi. Ushbu nav viloyatda 500 gertar yerga ekilgan. Ayni kunda Respublika Davlat nav sinash markazida arpaning mazkur navi sinalyapti.

Bundan tashqari, hozirgi kunda yumshoq bug‘doyning “Samarqand” navi ustida ilmiy-tadqiqot ishlari olib boryapmiz. Mazkur bug‘doy navi 100 gektar yerga ekilgan bo‘lib, dalalarda super elita avlodli urug‘lar o‘nib chiqadi. Bu ilmiy ishlar kelajakda el-yurt dasturxonining to‘kin bo‘lishiga xizmat qiladi.

Institutda nafaqat o‘simlik navlari, balki ularni ekish texnologiyalari bo‘yicha ham ixtirolar qilinmoqda. Bir guruh olimlar “Yaylovlarni fitomelioratsiyalash usuli va uni amalga oshiruvchi qurilma”ga patent oldi.

- Qurilma yaylovlarda mavjud chim qatlamini saqlagan holda tuvakchali ko‘chatlarni avtomatik o‘tqazadi, - deydi institut katta o‘qituvchisi Furqat Namozov. – Bu bo‘yicha “Yaylovlarni yaxshilashda ko‘chat o‘tqazish qurilmasi parametrlarini asoslash” mavzusida nomzodlik (PhD) dissertatsiyasi himoya qildim. Maxsus issiqxonalarda tuvakchalarga ekib o‘stirilgan ko‘chatlarni mazkur qurilma yerga ekib beradi. Bu qurilmani institut olimlari bilan birgalikda ixtiro qildik. Uni Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutining Nurota dala tajriba maydonida sinovdan o‘tkazdik. Agar fermerlar tomonidan mazkur qurilmaga buyurtma tushsa, yasab beramiz. 

Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida 2025 yilda professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘nta patent olingan. Ulardan biri “Yengil beton tayyorlash uchun tarkib” deb nomlanadi. Xo‘sh, olimlarimiz yengil beton tayyorlash uchun qanday tarkib ixtiro qildi?

- O‘tgan yili ikkita patent oldim, biri “Yengil beton tayyorlash uchun tarkib”, ikkinchisi “Yengil beton olish uchun tarkib”, - deydi patent muallifi, universitet tayanch doktoranti (PhD) Sarvara Saidmurodova. – Ixtiro qilingan yengil beton tayyorlash uchun tarkib o‘zimizning mahalliy xomashyodan tayyorlanadi. U maxalliyligi, tan narxining arzonligi, yengil va mustahkamligi, ekologik zararsizligi hamda zilzilabardoshlik talablariga mosligi bilan xorijdan kirib kelayotgan penoblok, gazabloklardan farq qiladi. Penoblokka nisbatan mustahkam bo‘lsa, gazoblokka nisbatan ekologik toza va mahalliy xomashyolardan tashkil topganligi bilan farq qiladi. Zaharli moddalar vaqt o‘tishi bilan inson organizmiga ta’sir qiladi. Shuning uchun biz qurilish materiallarini tabiiy mahsulotlardan tayyorlashimiz kerak.

Hozircha ushbu ixtiro qilingan mahsulotlar Triplet Construct Solutions, JB Monolit, Sam Tex Proect kabi MChJlarda qo‘llanilayapti. Yaqin yillarda ushbu tarkiblarni keng ommalashtirishga harakatlar boshlangan.

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar  universitetida o‘tgan yili 5 ta patent olingan. Ulardan biri parranda va baliqlar uchun mo‘ljallangan probiotikdir.

- Ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish doirasida 2024-2025 yillarda uchta patent olindi, - deydi patent muallifi, universitetning parazitologiya kafedrasi dotsenti, veterinariya fanlari nomzodi Shuhrat Nasimov. - Jahon miqyosida chorvachilik va uning tarmoqlari (parrandachilik, intensiv usulda baliqchilik) kasalliklariga qarshi ishlatilayotgan antibiotiklar samaradorligi pasayib bormoqda. Sababi, kasallik qo‘zg‘atuvchilari-mikroorganizmlarning rezistentligi (chidamliligi) antibiotiklarga qarshi ortib bormoqda. Rivojlangan mamlakatlarda chorvachilik va uning tarmoqlarida tabiiy rezistentlikni oshirish maqsadida probiotiklarni qo‘llash boshlangan, kasallik chiqqanda qo‘zg‘atuvchi turi aniqlanib, davolash ishlari amalga oshiriladi. Xuddi shunday tadbirlar Respublikamizda ham amalga oshirilmoqda. Faqat probiotiklar xorijdan import qilinyapti.

Jamoamiz bilan ilmiy-tadqiqot ishlari uch bosqichda olib borildi: 1-bosqich 2018-2020 yillar - xo‘jalik shartnoma doirasida (universitet va xo‘jalik); 2-bosqich 2021-2023 yillar - Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligining innovatsion loyihasi doirasida va 3-bosqich MUNIS RCP xalqaro loyihasi doirasida.

Yaratilgan yangi “INNOPROVET” mahalliy tabiiy probiotigi chorvachilik va uning tarmoqlarida (parrandachilik, intensiv baliqchilik) qo‘llashda patogen va shartli patogen mikroorganizmlarga qarshi ta’sir etish, organizmning nospetsifik tabiiy rezistentligini stimullash, hayvonlar yashovchanligi, oziqa hazmlanishi, moddalar almashinuvi va mahsuldorligini oshirish maqsadida qo‘llashga mo‘ljallangan. Bugungi kunda mazkur probiotik chorvachilik, parrandachilik, intensiv baliqchilikda qo‘llanilyapti.

Yuqorida keltirilgan ixtirolarning barchasi sohadagi muammolarni kamaytirish, har bir soha rivoji uchun xizmat qilishi, shubhasiz. Olimlarning ixtirolari tijoratlashtirilishi, ommalashishi uchun ularni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish kerak. Bu borada ilg‘or xorij tajribalarini o‘rganish va hayotga joriy etish maqsadga muvofiq. 

Xurshida ERNAZAROVA.