QALAMGA SADOQATLI INSON
Jurnalist bo‘lishni orzu qilgan aksariyat maktab o‘quvchisi yoki bitiruvchisi, albatta, gazetalarda o‘z ijodi bilan ishtirok etishi lozimligini yaxshi biladi. Shu bois ular yozganlarini tahririyatga jo‘natadilar. Chop etilsa, tabiiy, xursand bo‘ladilar. Chop etilmasa-chi? Qoralamalarda ayrim kamchiliklar, xususan, fikrning tarqoqligi, noto‘g‘ri yoki tekshirilmagan axborotning mavjudligi va boshqa sababga ko‘ra ko‘pgina mashqlar gazeta yuzini ko‘rmay qolib ketadi. Bunday paytda yoshlar yashash joylariga yaqin bo‘lgan tahririyatlarga intiladilar.
Jurnalistikaga havasmand shunday o‘quvchilardan biri 1983 yili qimtinib-simtinib, Samarqand tumanining «Sharq tongi» gazetasi tahririyatiga kirib borganligini boshqa hamkasblar kabi yaxshi eslaydi. Albatta, muharrirning e’tibori o‘ziga xos bo‘ladi. Agar u yoshlar bilan ishlashni yaxshi ko‘rsa talabgorning imkoniyatlari kengayadi. Shu bilan birga, o‘sha nihol tahririyatda nisbatan yaxshi yozadigan va jamoada o‘ziga xos hurmat-e’tiborda bo‘lgan, eng asosiysi, bolaning musaffo ko‘ngli qabul qiladigan jurnalistni ustozlikka tanlaydi. Bu tabiiy jarayondir. Qolaversa, murg‘ak qalbni soxta mulozamat bilan rom etib bo‘lmaydi. Kamina, ya’ni «o‘quvchi-muxbir»ning ko‘ngli bu borada tajribali va navqiron jurnalist, «Sharq tongi» gazetasi bo‘lim mudiri Xoliq Hakimovni tanlagan.
Bolalik xotiralariga beriladigan bo‘lsam, buning birinchi sababi, Xoliq aka yosh va sermahsul jurnalist edi, gazetada tahliliy-tanqidiy maqolalari ko‘p chop qilinardi, yozganlarini radioda ham uzluksiz o‘zi o‘qib borardi. Xushqomati, xushsurati, yoqimli ovozi, atrofdagilarga iliq munosabati – ochiqligi va xushchaqchaqligi ham birinchi sababdan kam emas edi nazarimda.
Bir kuni xabarimni ko‘tarib tahririyatga kirib borganimda Xoliq aka «mashinistka»ning yonida o‘tirib, material «diktovka» qilayotgan ekan. Eshik ortida bu qiziqarli jarayonni kuzatib turdim. U teruvchi qiz ulgursin degan ma’noda ahyon-ahyonda atrofga nazar tashlab qo‘yardi. Menga ko‘zi tushgach, imlab yonidagi stulga taklif qildi, matnni xuddi radioda o‘qigandek ravon «diktovka» qilishda davom etdi. Tugatib, menga yuzlandi-da:
- Qanday yangilik olib keldingiz, - dedi.
- Brigadaning bir a’zosi boshqalarga nisbatan ko‘p pilla yetishtirishibdi, shuni yozgandim, - javob berdim ikkilanib. Qo‘lyozmamni olib, tanishib chiqqach:
- Yaxshi. Ertangi songa xushxabar yetmay turgandi. Birdan tayyorlab tushiramiz, - deya mashinistkaga o‘girildi-da, sarlavhasini aytdi. Uning og‘zidan chiqayotgan ba’zi so‘zlar notanish, aniqrog‘i yozgan matnimda yo‘q edi. U qo‘lyozmamni o‘qish bilan birga, birato‘la tahrir qilayotganligini his qila boshladim. Bu holdan hayratga tushganim, men ham shu kishiday jurnalist bo‘la olarmikanman, degan xayollarga berilganim hamon yodimda. Yangilik ertasi kuni gazetada chop etildi. Xabari tezkorlik bilan e’lon qilingan «o‘quvchi-muxbir»dan ko‘ra, zahmatkash pillakorning xursandchiligini ko‘rsangiz edi.
Xoliq Hakimov 1949 yil 27 mayda Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi Madaniyat mahallasida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatib, Samarqand davlat universitetining o‘zbek va tojik filologiya fakultetini tugatgan.
Universitetning kechki bo‘limida o‘qish bilan birga tuman gazetasida ishlab, jurnalistika tilsimlarini o‘rgandi, qalami o‘tkir jurnalist sifatida tanildi. U 1991 yilgacha «Sharq tongi» gazetasida avval muxbir, keyin bo‘lim mudiri vazifasida ishladi. O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi.
Yuqorida uning betakror ovozi haqida qisman so‘z yuritgan edik. Samarqand tumani bag‘ridan Toyloq tumani ajralib chiqqach, Xoliq aka Toyloqda tashkil etilgan radio eshittirishlar tahririyatida faoliyat ko‘rsatdi. 1993 yildan esa Samarqand viloyat teleradiokompaniyasida muharrir lavozimida ishlab, yuzlab ko‘rsatuv, reportaj va lavhalar tayyorladi. Ayni paytda “Buyuk Turon” jurnalida faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘z umrini jurnalistikaga bag‘ishlagan bu inson hamon yoshlarga o‘rnak bo‘lib, ijodini davom ettirmoqda.
Xoliq Hakimov qishloq xo‘jaligini yoritish borasida katta tajribaga ega, boshqacha aytganda, qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan tajribali jurnalistdir.
Uning mamlakatimiz miqyosida olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarga bag‘ishlangan «Qishloq hayoti», «Qishloq mulkdori», «Dehqon va zamin», «Zamin saxovati», «Umr mazmuni» kabi ko‘rsatuvlari teletomoshabinlar e’tiboriga tushgan.
Uning «Dashtda to‘y», “Zamin saxovati","Dalalarda qolgan hislarim", "Yaxshilikdan yaralgan dunyo", "Xumorim" singari o‘nlab kitoblari nashr etilgan.
Qizi Gulruxsor Hakimovaning fikriga quloq tutsangiz yana boshqa haqiqatlarni ham anglaysiz: “Bir paytlar onam bilan yonma-yon kulgan insonim, bugun deraza tomonga termulib jim qoladigan bo‘lib qoldilar... Ammo baribir biz uchun tog‘dek suyanchiq bo‘lib turibdilar... Otam — jurnalist, yozuvchi... Odamlarning dardini yozib kelgan, lekin yuraklaridagi og‘riqlarni hech kimga aytmagan inson... Eng hayratlanarlisi, umrning 77 bahorida ham qo‘llaridan qalam tushgani yo‘q... Hali ham ijod qiladilar, hali ham satrlar orasiga yuraklarini joylaydilar. Balki yozayotgan har bir jumlalarida sog‘inchlari, armonlari, yashirilgan ko‘z yoshlaridir...”
Men Toshkentga kelgunimga qadar jurnalist Xoliq Hakimovga shogird, suhbatiga muxlis bo‘lganman, lekin she’rlar bitishidan bexabar ekanman. Uning she’rlarini o‘qib, bitgan misralarida soxta ehtiros emas, hayot haqiqati, inson dardi, shukronalik va samimiyat ustuvor ekanligini angladim. U she’rni shoirlikka da’vo uchun emas, qalb ehtiyoji uchun yozarkan. Uning satrlarida yurt mehri, qadrdonlar sog‘inichi va umrning o‘tkinchiligi tabiiy aks etadi. Umr yo‘ldoshi Zulxumor Usta Egamberdi qizining porloq xotirasiga bag‘ishlab chop ettirgan “Xumorim” kitobidagi she’rlarni o‘qib shunday xulosaga keldim.
Yaqinda “Avtoportret” deb nomlangan yana bir she’rini telegram tarmog‘i orqali jo‘natdi. Sodda, samimiy va hayotiy ruhda bitilgan kattagina she’r. Inson umrining bosqichlari, kechmish xotiralari hamda hayotga shukronalik tuyg‘ularini ixcham va ta’sirchan ifoda etgan. Muallif o‘z taqdiriga nazar tashlar ekan, bolalikdan qarilikkacha bo‘lgan hayot yo‘lini tabiiy kechinmalar orqali yoritadi. Dastlabki bandlarida lirik qahramonning dunyoga kelishi va oila quvonchi iliq tuyg‘ular bilan tasvirlangan. “Otam xursand, onam xursand” misralari orqali o‘zbekona mehr, oilaviy muhit va farzandga bo‘lgan ezgu tilaklar his etiladi. Keyingi bandlarda esa vaqtning shiddat bilan o‘tishi, inson umrining beqiyos qadri falsafiy ruhda ifodalangan.
Muallif yoshlik yillarini hayajon va sog‘inch bilan eslaydi. “Yigirma besh, o‘ttiz yoshlar” degan misralarda inson qalbida abadiy saqlanuvchi navqironlik hissi mujassam. Shu bilan birga, she’rda mehnat inson hayotining ajralmas qismi sifatida ko‘rsatiladi. “Dala kezib tuproq yo‘lda” kabi satrlar nuroniy jurnalistning hayot mashaqqatlaridan qochmagan, halol mehnat bilan umr kechirgan inson ekanini anglatadi. She’rdan bir parcha:
Qalam-daftar tutib qo‘lda,
Gohi bog‘da, ba’zan cho‘lda,
Dala kezib tuproq yo‘lda,
Uy ishlarim o‘lda-jo‘lda...
Yillar bir-bir qolib ortda,
Singidi tarix qa’riga.
Nolimayman hech hayotdan,
Shukur qilgumdir bariga.
She’rning eng muhim jihati samimiyatdir. Badiiy tasvir vositalari xalqona va tabiiy bo‘lgani bois o‘quvchi qalbiga yaqin. Asar yakunidagi hayotdan nolimaslik, shukur qilish haqidagi misralar esa butun she’rning muhim xulosasi sifatida yangraydi. Bu bir ziyoli insonning yashagan umrini minnatdorlik bilan qabul qilish, ortda qolgan yillarga hasrat emas, shukrona bilan qarash falsafasidir.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoirToshpo‘lat Tugalov uning “Xumorim” kitobiga yozgan so‘zboshida shunday tilk bor: “O‘zining aytishicha: “Yarmin yashnab yozdim, yarmini – dilgir”, deya borini bitgan ijodkorning qalamiga baraka tilaymiz!”
Biz esa Xoliq akaning ijodi bilan birga umriga ham baraka tilaymiz!
Halim SAYID,
“Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori.