Android qurilmalar uçun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab oliş x

Oilangiz bilan qachon sayohatga chiqqansiz?

Ko‘pchiligimiz “Sayohat qilish uchun juda ko‘p pul kerak” yoki “Vaqtim yo‘q”, deb bahona qilamiz. Lekin oilaviy sayohat — bu albatta chet elga borish yoki besh yulduzli mehmonxonada yashash degani emas. Bu shunchaki oila a’zolarining bir-biriga vaqt ajratishidir.

Aslida esa sayohat — bu muhitning o‘zgarishi. Bu kundalik maishiy muammolardan uzilib, yaqinlaringizning ko‘ziga tikroq boqish, ularning ichki dunyosini qayta kashf etish imkoniyatidir.

Nima uchun oilaviy sayohat muhim?

Ish, ro‘zg‘or tashvishlari va kundalik yugur-yugurlar orasida eng qimmatli boyligimiz — oilamizga ajratadigan vaqtimiz kamayib borayotgandek. “Oila bilan qachon sayohatga chiqqansiz?” degan savol esa nafaqat xotiralarni uyg‘otuvchi, balki bizni chuqur mushohadaga chorlovchi savoldir. Zero, odatda oilaviy sayohatning ahamiyati, uning ruhiy tarbiyadagi o‘rni va unutilmas xotiralar yaratishi haqida mushohada yuritmaymiz.

Vaholanki, uyda biz odatda “Ovqatlandingmi?”, “Darslaring nima bo‘ldi?” kabi navbatchi savollar bilan cheklanamiz. Sayohatda esa birgalikda his qilingan quvonch va qiziqish oila a’zolarini bir-biriga yaqinlashtiradi. Bundan tashqari, bolalar uchun dunyo faqat maktab va uydan iborat emasligini ko‘rish eng katta dars emasmi?

Mutaxassislarning fikricha, tabiat qo‘ynida yoki tarixiy obidalar orasida o‘tkazilgan vaqt miyani dam oldiradi va o‘zaro munosabatlardagi taranglikni yumshatadi.

Tarbiya maktabi ...

Oilaviy sayohat mavzusida psixolog Ra’no Isroilova shunday fikr bildiradi:

“Ota-ona va farzand o‘rtasidagi mehr rishtalari kundalik yugur-yugurlar orasida zaiflashib qoladi. Uyda biz ko‘pincha bir-birimizga buyruq beramiz yoki dakki beramiz. Sayohatda esa ota-ona ham, bola ham erkin bo‘ladi. Birgalikda qiyinchilikni yengish yoki yangi joyni ko‘rish bolaning ruhiyatida “Mening oilam — mening suyanchim” degan tuyg‘uni mustahkamlaydi. Bunday bolalar kelajakda o‘zlariga ishonuvchan bo‘lib voyaga yetishadi”.

Sayohat davomida bolalar kutilmagan vaziyatlarda qaror qabul qilishni, qiyinchiliklarga chidashni va yangi insonlar bilan muloqot qilishni o‘rganadi.

Shuningdek, bolada mas’uliyatni oshirish uchun o‘z sumkasini yig‘ishni yoki yo‘l davomida ichimlik suvi uchun javobgar bo‘lishni topshiring. Asosiysi, safar davomida uzoq yo‘l yurish va navbatda turish bolalarda sabr-toqatni shakllantiradi. Boshqa joylardagi hayot tarzini ko‘rgan bola o‘z uyidagi sharoitlarni ko‘proq qadrlay boshlaydi.

- Mashinamda ko‘p oilalarni bir manzildan ikkinchi manzilga olib borib qo‘yganman, - deydi uzoq vaqt taksichilik qilgan Abror aka oilaviy sayohat borasida o‘z kuzatuvlari bilan o‘rtoqlasharkan. - Ba’zi ota-onalarni yo‘l bo‘yi telefondan boshi chiqmaydi, bolalari esa derazadan qarab zerikib ketishadi. Lekin shunday oilalar borki, yo‘l bo‘yi ashula aytadi, bir-biriga meva archib beradi. Ular mashinamdan tushib ketayotganda yuzlaridan nur yog‘iladi. Sayohatning fayzi qimmat mashinada emas, balki mashina ichidagi mehr-oqibatda ekanligini o‘shanda tushunaman.

Qanday tashkil qilamiz?

Agar oilaviy sayohatga chiqishga qaror qilgan bo‘lsangiz, quyidagi oddiy qoidalarga amal qiling:

Agar mablag‘ingiz yetmasa, qo‘shni tumandagi chiroyli boqqa yoki yaqin atrofdagi toqqa chiqing. Muhimi, birga bo‘lish.

“Qayerga boramiz? Yegani nima olamiz?” deb bolalardan ham so‘rang. Bu ularga mas’uliyat hissini beradi.

Hech bo‘lmasa bir kun ijtimoiy tarmoqlardan dam oling. Rasmga tushishga emas, balki farzandingiz bilan gaplashishga vaqt ajrating.

Unutmang, tabiat qo‘ynida birgalikda ovqat qilish yoki dasturxon yozish oilani juda yaqinlashtiradi!

Bolalar juda tez ulg‘ayadi. Bugun siz bilan toqqa chiqib, kapalak quvib yurgan o‘g‘lingiz ertaga katta yigit bo‘lib, o‘z ishi bilan band bo‘lib qoladi. O‘shanda siz pulingiz ko‘pligini emas, balki vaqtida farzandingiz bilan mazza qilib dam olganingizni qo‘msaysiz.

Oilaviy sayohat — bu xotiralar xazinasiga qo‘yilgan oltindir. Uning qiymati yillar o‘tgan sari faqat oshib boradi. Shunday ekan, kelasi dam olish kunini uyda divanda yotib emas, yaqinlaringiz bilan ko‘chada, toza havoda o‘tkazing!

Eng yaxshi vaqt hozir

“Qachondir borarmiz”, “Ishlar kamaysin”, “Bolalar sal katta bo‘lsin” — bu gaplar sayohatni orqaga suruvchi eng katta to‘siqlar. Ish hech qachon tugamaydi, bolalar esa juda tez ulg‘ayadi.

Oila bilan sayohatga chiqish bu shunchaki dam olish emas, kelajak uchun kiritilgan eng katta sarmoya. Chunki yillar o‘tib sizni na mansabingiz, na yiqqan pulingiz isitadi. Sizni faqat yaqinlaringiz bilan birga kechirgan baxtli damlaringiz, kulib tushgan suratlaringiz va “Esingdami, o‘shanda...” deb boshlanadigan shirin xotiralaringiz quvontiradi.

Shunday ekan, yaqin kunlar ichida oilangiz uchun bir kun bo‘lsa ham “sayohat kuni”ni belgilang. Ular bunga loyiq, siz bunga qodirsiz!

Yoqubjon Marqayev.