Qadim kitoblar orasida yashiringan sir

Belarus davlatidagi mashhur Simeon Polotskiy muzey-kutubxonasi haqida eshtiganmisiz? Ushbu muzey-kutubxona 1994 yil 25 martda ochilgan bo‘lib, u Belarus kitob bosish tarixi muzeyi bilan bir binoda — Bogoyavleniye erkaklar monastirining sobiq turar joy korpusida joylashgan.

Ushbu maskan tarixiy muhit va boy ma’naviy meros uyg‘unlashgan madaniy dargoh sifatida tashrif buyuruvchilarni o‘tmishning noyob xazinalari bilan tanishtiradi.

Muzeyning ichki bezagi XVII–XVIII asrlar G‘arbiy Yevropa kutubxonalari uslubida yaratilgan. Bu yerda ikki qavatli kitob javonlari, qadimgi yunon faylasuflari va adiblarining byustlari, shinam mutolaa zali hamda ilm-fan va ma’rifat timsoli bo‘lgan ulkan globus tarixiy muhitni yanada jozibador qilgan.

Ekspozitsiya mashhur shoir, dramaturg, iste’dodli pedagog, ma’rifatparvar, noshir hamda Moskva podsholarining shaxsiy ruhoniy maslahatchisi bo‘lgan Simeon Polotskiyning hayoti va serqirra faoliyatini yoritishga bag‘ishlangan. Noyob hujjatlar, qo‘lyozmalar va bosma nashrlar orqali uning adabiy, ma’rifiy va ilmiy merosi keng namoyon etilgan.

Muzey ekspozitsiyasining umumiy maydoni 134,5 kvadrat metrni tashkil etadi. Bu yerda 137 ta noyob muzey ashyosi namoyish qilingan. Ular orasida Simeon Polotskiyning alohida she’rlari va she’riy to‘plamlarining qo‘lyozmalari, u tomonidan Moskvada tashkil etilgan Yuqori bosmaxonada chop etilgan kitoblar, uning boy ilmiy-ma’naviy merosiga bag‘ishlangan zamonaviy tadqiqotlar hamda asarlarining qayta nashr etilgan nusxalari alohida o‘rin egallaydi. Ekspozitsiya tashrif buyuruvchilarga ma’rifatparvarning ijodiy merosi, ta’lim sohasidagi xizmatlari va kitob madaniyati taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida to‘liq tasavvur beradi.

Muzeyning eng qimmatli eksponatlaridan biri — Simeon Polotskiy merosi bilan bog‘liq noyob nashrlardir. 1666 yilda Moskvada Rus pravoslav cherkovi tarixida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Buyuk Moskva sobori bo‘lib o‘tadi. Unda patriarx Nikonning patriarxlik taxtini tark etishi muhokama qilinadi. Simeon Polotskiy mazkur soborda Aleksandriya patriarxi Paisiy va Antioxiya patriarxi Makariyning kotibi hamda tarjimoni sifatida qatnashgan. Sobor yakunlariga ko‘ra, unga cherkovdagi bo‘linish va ixtiloflarga qarshi qaratilgan «Jezl pravleniya» nomli ilmiy-diniy risolani yozish vazifasi yuklatildi. U bu asarni mahoart bilan yozadi. Muzey ekspozitsiyasida mazkur asarning 1753 yil Moskvada qayta nashr etilgan noyob nusxasi saqlanadi. Bu nashr ma’rifatparvarning eng qimmatli va tarixiy ahamiyatga ega meroslaridan biri hisoblanadi.

Simeon Polotskiy kitob bosishni ta’lim va ma’rifatni keng yoyishning eng muhim vositalaridan biri deb bilgan. Shu maqsadda u 1679 yilda podsho Fyodorning ruxsati bilan Moskva shahrida «Yuqori bosmaxona» (Verxnyaya tipografiya)ni tashkil etdi. Ushbu bosmaxonada chop etilgan ilk kitoblardan biri «Testament» bo‘lib, unda yunon podshohi Vasiliyning o‘g‘li Lev Faylasufga yo‘llagan maktublari jamlangan.

Simeon Polotskiy muzey-kutubxonasi muzey va ilmiy kutubxona vazifalarini o‘zida mujassam etgan noyob muassasadir. Uning kitob javonlarida Polotsk milliy tarixiy-madaniy muzey-qo‘riqxonasi ilmiy kutubxonasining boy fondi saqlanadi. Fonddan tarix, san’atshunoslik, filologiya, muzeyshunoslik, arxeologiya, muzey ishi va boshqa sohalarga oid kitoblar hamda mahalliy va xorijiy ilmiy davriy nashrlar o‘rin olgan.

Shuningdek, u yerga keluvchilar muzeyning hujjatli manbalar va bosma nashrlar fondida saqlanayotgan noyob eksponatlar bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kutubxona yopiq turdagi muassasa bo‘lib, asosan Polotsk muzeylari xodimlariga xizmat ko‘rsatadi. Biroq rasmiy hamkorlik asosida boshqa tashkilotlar mutaxassislari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, aspirantlar va talabalar ham uning axborot-kutubxona xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.

Munisa Shamsiyeva.