Past Darg‘om va Lida tumanlari hamkor bo‘ladi
Belarus Respublikasi Minsk shahrida o‘tkazilayotgan Belarus – O‘zbekiston uchinchi hududlararo hamkorlik forumi tadbirlarida ishtirok etayotgan Samarqand viloyati hokimligi delegatsiyasi Grodno oblasti rahbariyati bilan uchrashdi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshidbek Samiyev hamda Grodno oblasti ijroiya qo‘mitasi raisi Yuriy Karayev muloqotida hududlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, ta’lim va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar, shuningdek, tadbirkorlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish, o‘zaro biznes missiyalarini tashkil etish, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yish, mutaxassislar almashinuvini kengaytirish hamda hududlararo sheriklikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashdilar.
Xususan, viloyatimizning Past Darg‘om va Grodno oblastining Lida tumanlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surildi.
Viloyatimiz delegatsiyasi Grodno davlat agrar universitetida ham bo‘lib, oliy ta’lim muassasasi rektori Valentin Peshko bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Samarqand viloyati va universitet o‘rtasida ta’lim, ilmiy tadqiqotlar hamda qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratildi. Xususan, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda mutaxassislar malakasini oshirish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.