Turkiyaning maftunkor ko‘llari: qaysi biri sizni o‘ziga rom etadi?
Turkiya nafaqat dengizlari va tog‘lari, balki betakror ko‘llari bilan ham e’tiborga molik. Mamlakatning turli hududlarida joylashgan bu ko‘llar tabiati, rangi, geologik tuzilishi va atrofidagi manzaralari bilan bir-biridan keskin farq qiladi. Kimdadir sokinlik uyg‘otsa, kimdadir hayrat, yana kimdadir tabiatning beqiyos qudrati haqida mulohaza uyg‘otadi.
Sapanjaning sokin suvlaridan Saldaning oppoq qirg‘oqlarigacha, Tuz ko‘lining g‘ayrioddiy manzaralaridan Van va Nemrutning vulqonli tabiatigacha — bu ko‘llarning har biri Turkiya tabiatining o‘ziga xos qirrasini namoyon etadi.

Sapanja ko‘li: Istanbulga bir qadam
Sapanja ko‘li Istanbuldan uncha uzoq bo‘lmagan Sakarya viloyatida joylashgan bo‘lib, yam-yashil tepaliklar va daraxtzorlar bilan o‘ralgan. Feruza rang suvlari tabiat bilan uyg‘unlashib, bu hududga o‘ziga xos osoyishtalik bag‘ishlaydi.
Ko‘l bo‘ylab sayr qilish, velosiped minish, qushlarni kuzatish yoki daraxtlar soyasida o‘tirib, suv yuzini tomosha qilishning gashti bo‘lak. Faolroq hordiqni yoqtiradiganlar esa qayiqda ko‘l bo‘ylab qisqa sayrga chiqishlari mumkin.
Sapanja atrofi turli turar joylari va mahalliy oshxonasi bilan ham ajralib turadi. Yangi tutilgan baliqdan tayyorlangan taomlar Sapanja oshxonasining o‘ziga xos jihatlaridan biridir. Tabiat qo‘ynida ko‘proq vaqt o‘tkazishni istaganlar uchun esa ko‘lning yuqoriroq qismidagi Arifiye o‘rmoni ayni muddao.

Qora dengizning marvaridlari: Abant va Yedigo‘llar
Bolu hududidagi Abant ko‘li fasllar almashgani sayin qiyofasini ham o‘zgartiradi. Ba’zan suv yuzida o‘rmonlarning aksi jilvalanadi, kuz kelganda esa atrof sariq, zarg‘aldoq va qizg‘ish tuslarga burkanadi. Abant manzaralarini goh suratga muhrlagingiz, goh esa daftar sahifalariga ko‘chirgingiz keladi.
Ko‘l shu nomdagi milliy bog‘ hududida muhofaza qilinadi. Faslga qarab bu yerda ko‘l bo‘ylab velosipedda sayr qilish, gulmoyi ovlash, piyoda yurish, piknik qilish, ot minish yoki paraplanda uchish mumkin. Atrofda mehmonxona va bungalovlardan tortib, chodir hamda karvonlar uchun ajratilgan maydonlargacha turli tunash imkoniyatlari mavjud.
Bolu tabiatining yana bir diqqatga sazovor manzili — Yedigo‘llar. Bog‘ o‘z nomini hududdagi ko‘chki jarayonlari natijasida shakllangan yetti ko‘ldan olgan. Tabiatning maftunkor manzaralari, sharsharalar, tabiiy o‘rmonlar, boy o‘simlik va hayvonot dunyosi Yedigo‘llarni Turkiyaning eng jozibali hududlaridan biriga aylantiradi.

O‘rta yer dengizi bag‘ridagi Ko‘llar hududi va Salda
Turkiyaning janubida, O‘rta yer dengizi havzasidagi Ko‘llar hududi bir-biriga yaqin joylashgan ko‘plab ko‘llari bilan ajralib turadi. Afyonkarahisar, Antaliya, Burdur, Isparta va Konya viloyatlarining ayrim qismlarini qamrab olgan bu hududda Ajigo‘l, Akshehir, Akgo‘l, Burdur, Beyshehir, Gavur, Ishikli, Ilgin, Eg‘irdir, Eber, Kovada, Salda, Karamik, Sug‘la, Yarishli va Karatash kabi ko‘plab tektonik ko‘llar joylashgan.
Ularning orasida Burdurdagi Salda ko‘li oppoq mayin qirg‘og‘i va tiniq suvi bilan alohida ajralib turadi. Biroq uning qiziqarli jihati faqat manzarasida emas. Ko‘l atrofidagi ayrim geologik tuzilmalar Mars yuzasidagi shakllarga qiyoslanadi. Shu bois Salda tabiati bilan birga geologik xususiyatlari jihatidan ham qiziqish uyg‘otadi.
Ko‘l suvi mineral moddalarga boy. Mahalliy qarashlarda uning teriga foydali xususiyatlari borligi ham aytiladi.

Markaziy Onado‘lining tabiiy durdonasi: Tuz ko‘li
Tuz ko‘li Anqara, Aksaray va Konya viloyatlari tutashgan hududda joylashgan bo‘lib, Turkiyaning kattaligi bo‘yicha ikkinchi yirik ko‘lidir. Suv tarkibidagi tuz miqdorining nihoyatda yuqoriligi bu yerda boshqa ko‘llarga o‘xshamaydigan manzarani hosil qiladi.
Yozda suv bug‘langani sayin ko‘l yuzini oppoq tuz qatlami qoplaydi. Ayrim davrlarda suvo‘tlar ta’sirida suv pushti rangga kiradi. Quyosh botayotgan paytda oq tuzlar, pushti suv va osmon ranglari bir-biriga qorishib, ko‘l manzarasini yanada g‘ayrioddiy qiladi.
Tuz ko‘li ko‘chib yuruvchi qushlar uchun ham muhim tabiiy makondir. Ayniqsa, u Turkiyadagi flamingolarning asosiy ko‘payish hududlaridan biri sanaladi: har yili minglab flamingolar shu yerda uya quradi.
Ko‘lning noyob tabiiy va ekologik ahamiyati e’tirof etilib, Tuz ko‘li Maxsus atrof-muhitni muhofaza qilish hududi YuNESKOning Jahon merosi dastlabki ro‘yxatiga kiritilgan.
Sharqiy Onado‘lida tarix va tabiat uyg‘unligi: Van, Nemrut va Otlukbeli ko‘llari
Sharqiy Onado‘li Turkiyaning eng jozibali ko‘llarini bir hududda jamlaydi. Ulardan Van ko‘li Turkiyaning eng katta ko‘li, ayni paytda dunyodagi eng yirik sodali ko‘l hisoblanadi. Ko‘lning o‘ziga xos suv muhitiga moslashgan marvarid kefali bu yerda yashaydigan yagona baliq turi bo‘lib, mahalliy oshxonada ham alohida o‘rin tutadi.
Van yaqinidagi Bitlisda, Nemrut vulqonining ulkan kalderasi bag‘rida, dengiz sathidan 2250 metr balandlikda Nemrut ko‘li joylashgan. U Turkiyadagi eng katta, dunyodagi esa ikkinchi yirik krater ko‘lidir.
Kaldera ichida yomg‘ir suvlari bilan to‘yinadigan beshta ko‘l, issiq buloqlar, fumarolalar va muz g‘orlari uchraydi. Atrofdagi tik tog‘lar, o‘simlik va hayvonot dunyosi esa hududning vulqonli tarixini eslatadi.
Shimolroqda, Erzinjan hududida joylashgan Otlukbeli ko‘li butunlay boshqa manzarani namoyon etadi. U mineral moddalarga boy suvlar hosil qilgan travertin to‘sig‘i ortida shakllangan va tabiiy yodgorlik sifatida muhofaza qilinadi.
Ko‘lning qizg‘ish tusi ayniqsa e’tiborni tortadi. Buloq suvlari atrofdagi minerallarga boy qizil tuproq qatlamlari orasidan oqib o‘tar ekan, suv va yer ranglari uyg‘unlashib, Otlukbeliga o‘ziga xos qiyofa baxsh etadi.
Turkiyaning bu ko‘llari bir-biridan qanchalik farq qilmasin, ularni bir jihat birlashtiradi: har biri tabiatning o‘zi yaratgan noyob manzara va tarixning jonli bir sahifasidir.