6 oy ichida qariyb 26 million xorijiy sayyoh Turkiyaga bordi

Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoyning ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilning dastlabki olti oyida Turkiyaga 25,8 million nafar xorijiy sayyoh kelgan.

Shu davrda mamlakatning turizm daromadlari o‘tgan yilgi ko‘rsatkichni saqlab qolib, 25,8 milliard AQSh dollarini tashkil etgan.

Mehmet Nuri Ersoy 2026 yilning birinchi yarmida mintaqaviy keskinliklar va global noaniqliklar turizm talabiga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatganini bildirdi.

Turkiya ushbu mojarolarga aralashmagan va barcha aviakompaniyalarimiz hamda aeroportlarimiz uzluksiz ishlashda davom etgan bo‘lsa-da, Yaqin Sharq havo hududining yopilishi sayyohlar oqimining ma’lum darajada pasayishiga olib keldi, - dedi u. - 2025 yilning dastlabki olti oyida Turkiya 26,4 million nafar sayyohni qabul qilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 25,8 millionni tashkil etdi. Yilning ikkinchi yarmi esa ijobiy boshlandi va mavjud prognozlarga ko‘ra, yil yakuniga qadar natijalar sezilarli darajada yaxshilanishi kutilmoqda. Strategik tashabbuslar natijasida turizm daromadlarini 2025 yil darajasida saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldik va birinchi yarim yillikni 25,8 milliard AQSh dollari miqdoridagi daromad bilan yakunladik.

Shuningdek, Turkiyada sayyohlarning o‘rtacha qolish muddati ham oshdi. Bu ko‘rsatkich 0,5 foizga ortib, 10,01 kechaga yetdi. Bir kechaga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat esa 2,6 foizga ko‘payib, 109 AQSh dollarini tashkil etgan.

Turkiyaga eng ko‘p sayyoh tashrif buyurgan davlatlar tarkibi o‘zgarishsiz qolgan. Birinchi o‘rinda Rossiya Federatsiyasi (2,65 million), undan keyin Germaniya (2,44 million) va Buyuk Britaniya (1,58 million) qayd etilgan.