Hakan Fidan eronlik hamkasbiga Turkiyaga qaratilgan raketa borasida xavotir bildirdi

Turkiya tashqi ishlar vaziri mojaroning kengayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlardan qochish zarurligini ta’kidladi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchi bilan telefon orqali suhbatda Eron hududidan Turkiyaga qarab uchirilgan va Turkiya havo mudofaasi tizimlari tomonidan ushlangan ballistik raketa yuzasidan Turkiyaning xavotirini bildirdi. U mojaroni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlardan qochish zarurligini ta’kidladi.

Avvalroq, Turkiya milliy mudofaa vazirligi Erondan Turkiya havo hududiga uchirilgan ballistik raketa Sharqiy O‘rta yer dengizida joylashtirilgan NATO havo mudofaasi va raketaga qarshi mudofaa tizimlari tomonidan zararsizlantirilgani haqida xabar bergan edi.

***

Eron va Rossiya tashqi ishlar vazirlarininig telefon orqali suhbatida AQSh va Isroilning Eronga hujumlari hamda mintaqadagi xavfsizlik holatini muhokama qilishgan.

Eron tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, suhbat AQSh va Isroilning Eron hududiga qilgan so‘nggi hujumlari va ularning mintaqaviy xavfsizlikka potensial ta’siriga bag‘ishlangan.

Lavrov hujumlar natijasida Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiyning, shuningdek, yuqori lavozimli amaldorlar va tinch aholining halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi rahbari Moskvaning fikricha, AQSh va Isroilning Eronga qarshi operatsiyalari xalqaro huquqqa zid va mintaqada ham, global miqyosda ham barqarorlik va xavfsizlik uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan.

Shuningdek, u vaziyatni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqirib, Rossiya tegishli sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.

O‘z navbatida, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchi rossiyalik hamkasbiga AQSh va Isroilning turar-joy massivlari, maktablar, masjidlar, kasalxonalar va gumanitar yordam markazlariga qilingan hujumlari bilan bog‘liq so‘nggi voqealar haqida ma’lumot bergan.