6 million o‘zbekistonlik xorijda

Hozirgi globallashuv sharoitida migratsiya jarayonlari jahon miqyosida muhim ijtimoiy-iqtisodiy hodisalardan biriga aylanib bormoqda. Xususan, mehnat migratsiyasi rivojlanayotgan davlatlar uchun ham muhim omil sifatida namoyon bo‘lmoqda. Migratsiya — bu aholining turli iqtisodiy, ijtimoiy yoki siyosiy sabablarga ko‘ra bir hududdan boshqasiga ko‘chib o‘tish jarayonidir. Bugungi kunda, ayniqsa, ish izlab xorijga chiqish holatlari keng tarqalgan bo‘lib, bu jarayon mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.

Mehnat migratsiyasining asosiy omillari qatoriga ichki mehnat bozorida ish o‘rinlarining yetishmasligi, ish haqi darajasining pastligi hamda turmush sharoitlaridagi farqlarni kiritish mumkin. Iqtisodiy nazariyalarga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlarda yashovchi aholi yuqori daromad va barqaror hayot izlab rivojlangan davlatlarga yo‘l oladi. Shu jihatdan, O‘zbekiston fuqarolari orasida ham xorijga chiqib mehnat faoliyatini amalga oshirish keng tarqalgan hodisaga aylangan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda xorijda bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni 6,2 million kishidan  oshgan. Yil davomida ular tomonidan yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi  taxminan 18.9 milliard AQSh dollarini tashkil etib, bu ko‘rsatkich avvalgi yilga nisbatan qariyb 28 foizga oshgan. Ushbu mablag‘lar mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim moliyaviy manba bo‘lib xizmat qiladi. Xususan, pul o‘tkazmalari aholi daromadlarini oshirish, iste’mol darajasini yaxshilash hamda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Mehnat migratsiyasi ijobiy natijalar bilan cheklanib qolmaydi. Migrantlar xorijda yangi kasbiy tajriba va zamonaviy ko‘nikmalarni egallab, keyinchalik o‘z yurtiga qaytgach, ushbu bilimlarni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa inson kapitalining rivojlanishiga xizmat qiladi, biroq mazkur jarayonning salbiy jihatlari ham mavjud. Eng avvalo, ishchi kuchining katta qismi xorijga chiqib ketishi natijasida ichki mehnat bozorida malakali kadrlar tanqisligi yuzaga kelishi mumkin. Bundan tashqari, uzoq muddatli migratsiya oilaviy munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas. Ayrim hollarda esa iqtisodiyot ichki resurslardan to‘liq foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘lib qoladi.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, migratsiya jarayonlarini samarali boshqarish uchun kompleks yondashuv zarur. Jumladan, mamlakat ichida yangi ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, xorijdagi mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy xavfsizligini ta’minlash va iqtisodiy salohiyatidan oqilona foydalanish dolzarb vazifalardan biridir.

Mehnat migratsiyasi murakkab va ko‘p qirrali jarayon bo‘lib, bir vaqtning o‘zida ham imkoniyat, ham muammo sifatida namoyon bo‘ladi. Mazkur jarayonning ijobiy jihatlarini kuchaytirish va salbiy oqibatlarini kamaytirish esa davlat siyosati va ilmiy asoslangan yondashuvlarga bog‘liqdir.

Valisher Abirov,

Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti dotsenti v.b.

Hilolaxon Erkayeva,

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi.