Infografika: Shaxmat bo‘yicha jahon chempionlari tarixini bilasizmi?

1886 yildan buyon shaxmat olamida jami 22 nafar shaxmatchi jahon chempioni sifatida e’tirof etilgan. Ammo ulardan faqat 18 nafari klassik jahon tojini qo‘lga kiritib, uni muvaffaqiyatli himoya qilishga erishgan. Bu esa shaxmatda nafaqat g‘alaba qozonish, balki uni saqlab qolish ham qanchalik murakkab ekanini ko‘rsatadi.

Bir asrdan ziyod vaqt davomida jahon chempionligi uchun kurash an’anaviy tarzda — da’vogarning amaldagi chempionni mag‘lub etishi orqali hal qilingan. Bu tartib shaxmatda merosiy ustunlik emas, balki doimiy raqobat va kuch sinovini ta’minlab keldi.

Shaxmat tarixidagi ilk jahon chempioni Vilgelm Steynits 1886 yilda ushbu unvonni qo‘lga kiritgan. U 1889, 1890 va 1892 yillarda o‘z chempionligini muvaffaqiyatli himoya qilib, klassik shaxmat maktabiga asos solgan.

Emanuel Lasker shaxmat tarixida eng uzoq muddat hukmronlik qilgan chempion sifatida tan olinadi. U rasman yetti marta g‘olib chiqqan bo‘lsa-da, tarixchilar 1909 yilgi g‘alabani hisobga olishmaydi. Bunga sabab — o‘sha paytda rasmiy qoidalarning aniq belgilanmagani va o‘yin jarayonidagi noaniqliklardir. Shu bois, Laskerning rasmiy g‘alabalari oltita deb qabul qilinadi. Uning 27 yillik chempionlik davri haligacha rekord sifatida saqlanib kelmoqda.

Zamonaviy shaxmatning eng yorqin yulduzlaridan biri Garri Kasparov olti marta jahon chempioni bo‘lgan. U 1985 yilda Anatoliy Karpovni mag‘lub etib, tarixdagi eng yosh chempionga aylangan edi. Kasparovning yana bir ulkan yutug‘i - 1999 yilda qayd etilgan 2851 Elo reytingi bo‘lib, bu natija qariyb 13,5 yil davomida yangilanmagan.

Anatoliy Karpov va Garri Kasparov o‘rtasidagi raqobat shaxmat tarixida alohida o‘rin tutadi. 1984-1990 yillar oralig‘ida ular jahon chempionligi uchun jami 144 partiya o‘tkazib, intellektual sportdagi eng uzoq va dramatik to‘qnashuvlardan birini namoyon etgan.

Pozitsion o‘yin ustasi sifatida tanilgan Anatoliy Karpov klassik jahon chempionatida to‘rt marta g‘alaba qozongan.

Mixail Botvinnik esa shaxmatda ilmiy yondashuvni shakllantirgan buyuk shaxslardan biri hisoblanadi. U besh marta jahon chempioni bo‘lgan va o‘sha davr qoidalariga ko‘ra, durang natijalar orqali ham unvonini saqlab qolgan. Botvinnik nafaqat chempion, balki buyuk ustoz sifatida ham tarixga kirgan — u Karpov, Kasparov va Vladimir Kramnik kabi kelajak chempionlarni tarbiyalagan.

Vladimir Kramnik 2006 yilda shaxmatdagi ikki xil chempionlik tizimiga barham berib, birlashtiruvchi chempion sifatida tarixga kirdi. Shu bilan birga, u 2800 Elo chegarasini zabt etgan ikkinchi shaxmatchi bo‘ldi.

Norvegiyalik Magnus Karlsen esa zamonaviy shaxmatda mutlaq ustunlik namunasini ko‘rsatdi. U 2014 yilda 2882 Elo reytingiga erishib, tarixiy rekord o‘rnatdi. Karlsen besh marta jahon chempioni bo‘lib, bir vaqtning o‘zida klassik, rapid va blits yo‘nalishlarida ham jahon tojini egallagan yagona shaxmatchilardan biriga aylandi. Uning 125 partiyalik mag‘lubiyatsiz seriyasi va 14 yillik reyting yetakchiligi alohida e’tiborga loyiq. 2023 yilda u jahon chempionligi uchun kurashishdan voz kechib, shaxsiy motivatsiya omillarini ochiq ta’kidladi.

Amaldagi jahon chempioni — Hindiston vakili Gukesh Dommaraju bo‘lib, u 2024 yilda Ding Lijenni mag‘lub etib, 18 yoshida tarixdagi eng yosh chempionga aylandi. Bu esa shaxmatda yangi avlod davri boshlanayotganidan dalolat beradi.

Navbatdagi jahon chempionligi uchrashuvi 2026 yil oxiriga rejalashtirilgan bo‘lib, u yana bir yangi sahifani ochishi kutilmoqda. Ya’ni, o‘zbekistonlik iqtidorli grossmeyster Javohir Sindorovning ham kelgusida jahon toji uchun da’vogarlar safidan o‘rin olishi mumkinligi shaxmat muxlislari orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Uning keyingi o‘yinlardagi barqaror o‘sishi, xalqaro turnirlardagi ishonchli ishtiroki va strategik yetukligi uni kelajakdagi katta musobaqalarda jiddiy raqib sifatida ko‘rish imkonini beradi.

Izoh: Ushbu infografikada faqat klassik jahon chempionlari keltirilgan. FIDE yo‘nalishidagi chempionlar qatorida Anatoliy Karpov, Aleksandr Xalifman, Vishvanatan Anand, Ruslan Ponomaryov, Veselin Topalov hamda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Rustam Qosimjonov ham mavjud.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.