Me’yor bilmas yomg‘ir va bo‘ronlar: buning ortida El-Nino turibdimi?
World Weather Attribution ekspertlar guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, yilning ikkinchi yarmida butun dunyoda haroratni keskin oshirishi mumkin bo‘lgan kuchli “super El-Nino” (Tinch okeanining ekvator qismida suv harorati odatdagidan ancha isib ketadigan tabiiy iqlim hodisasi) boshlanishi ehtimoli yuqori.
El-Ninoning nisbatan sovuqroq oqimi tufayli ayrim hududlarda issiq vaqtincha chekingan bo‘lsa-da, okean suvi harorati maksimal darajaga yaqinlashmoqda. Ekspertlar fikricha, 2026 yilda 2024 yilgi harorat rekordi yangilanishi va u yana 0,06 darajaga oshishi ehtimoli katta.
Shu bois jahon meteorologiya tashkiloti ekstremal issiqlik, qurg‘oqchilik, kuchli suv toshqinlari, o‘rmon yong‘inlari va boshqa tabiiy anomaliyalar xavfi haqida ogohlantiradi.
Atmosferaning ortiqcha qizishi havoda namlik to‘planib, kuchli yomg‘ir va bo‘ronlarni keltirib chiqarishi mumkin. Buning isbotini so‘nggi paytlardagi deyarli barcha mintaqalarda yuz berayotgan haddan tashqari yog‘ingarchilik va bo‘ronlar yoki anomal qizish darajasi misolida ko‘rish mumkin. Nam tropik oqimlar sharqqa siljishi kuchli yomg‘ir va suv toshqinlariga sabab bo‘lsa, Tinch okeanidagi iliq suv massalari tropik siklon va dovullar ortishiga turtki bo‘ladi.
Xullas, olimlar kuchli suv toshqinlari, qurg‘oqchilik va keng ko‘lamli yong‘inlar prognozidan xavotirda. Chunki dunyoning turli nuqtalarida ekstremal holatlar kuzatilmoqda: Hindistonda havo harorati 46°C gacha ko‘tarildi, Shimoliy Amerikada o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda, Chili va Argentinada har daqiqada 10 gektardan ortiq hudud yonmoqda, Yaponiyada esa yong‘inlar sabab minglab aholi evakuatsiya qilingan.
2026 yil bahorida Markaziy Osiyo mamlakatlarida yog‘ingarchilik keskin kuchayib, ayrim hududlarda suv toshqinlari va sel oqimlari qayd etildi. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning tog‘li hududlarida ham kuchli yomg‘ir sel oqimlarini keltirib chiqqanini ko‘rdik.
Mutaxassislar oxirgi yillarda “super El-Nino” hodisasi ta’sirida bunday ekstremal holatlar ko‘payishi haqida ogohlantirishmoqda.
G.Xoldorova tayyorladi.