Iqtidorli shaxmatchilar yetishib chiqishiga zamin yaratildi
Samarqand azaldan ilm-fan, ma’rifat va zakovat beshigi sifatida tanilgan muqaddas zamin hisoblanadi. Bu tuproqdan yetishib chiqqan allomalar, shoirlar va olimlar qatorida bugungi kunda dunyo sahnasida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan sportchilar, ayniqsa, shaxmatchilar munosib o‘rin egallamoqda.
Ana shunday iqtidorli yoshlardan biri – grossmeyster Javohir Sindorov bo‘lib, uning ildizlari Qo‘shrabot tumaniga borib taqaladi. Aytishlaricha, u mashhur baxshi Ergash Jumanbulbul o‘g‘li avlodidan bo‘lib, bu holat Samarqand zaminida iste’dod va zehn avloddan-avlodga o‘tib kelayotganini tasdiqlaydi.
Bugun Samarqand nafaqat tarixiy yodgorliklari, balki intellektual salohiyati bilan ham dunyo e’tiborini tortmoqda. Xususan, shaxmat sohasida erishilayotgan yutuqlar, yangi chempionlarning yetishib chiqishi bu zaminning imkoniyatlari beqiyos ekanini ko‘rsatadi. Jumladan, Jahongir Vohidov va Afruza Hamdamova kabi shaxmat ustalari aynan shu muhitda kamol topgan.
So‘nggi yillarda hududda yoshlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 5,4 gektar maydonda barpo etilgan yangi yoshlar bog‘i bu borada muhim qadam bo‘ldi. Ushbu hududda madaniy meros ob’yektlari qayta tiklanib, yoshlar uchun to‘garaklar va o‘quv markazlari tashkil etildi.
Mazkur bog‘ hududida Samarqand viloyati shaxmat federatsiyasi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Yangi binoda yuz o‘rinli shaxmat klubi tashkil qilinib, ikki katta zal, o‘quv xonalari, zamonaviy kompyuter va elektron doskalar bilan jihozlangan mashg‘ulot xonalari, shuningdek, murabbiylar va muzey uchun alohida xonalar barpo etildi.
– Bu bizning orzuimizdagidan ham yaxshi joy bo‘ldi, – deydi viloyat shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Ilhom Ergashev. – Shu paytgacha viloyat Yoshlar markazidagi bittagina xonada faoliyat olib borardik va u yerda klub tashkil etish yoki to‘rt-beshta yoshni to‘plab musobaqa o‘tkazish haqida o‘ylash qiyin edi. Viloyat hokimi, shaxmat federatsiyasi raisining e’tibori, respublika federatsiyamizning qo‘llab-quvvatlashi tufayli bugun mana shunday katta binoga, zamonaviy sharoit va imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Bu yerda yuz o‘rinli ikkita zal, ikkita o‘quv xonasi, zamonaviy kompyuter va elektron doskaga ega mashg‘ulot xonasi, muzey uchun va murabbiylar uchun xonalar mavjud.
Ahamiyatlisi, bu yerda yoshlar uchun ilhom manbai sifatida Jahongir Vohidov va Afruza Hamdamova nomidagi maxsus xonalar tashkil etildi. Bu esa kelajak chempionlariga kuchli motivatsiya bag‘ishlaydi.
Bugun klubda o‘nlab yoshlar muntazam mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda. Ularga malakali murabbiylar, jumladan, xalqaro tajribaga ega grossmeyster Aleksey Barsov saboq bermoqda. Uning Samarqandga kelib faoliyat yuritishi yaratilgan sharoitlarning yuqori darajasidan dalolat beradi.
Ayni paytda viloyatdagi sport maktablari va o‘quv markazlarida o‘ndan ortiq shaxmat klublari faoliyat yuritib, qariyb 300 nafar yoshni qamrab olgan. Bu esa kelajakda yanada ko‘plab iqtidorli shaxmatchilar yetishib chiqishiga zamin yaratadi.
Shu bilan birga, hudud oldida muhim vazifa turibdi – 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rish. Bu nufuzli musobaqa nafaqat Samarqand, balki O‘zbekiston shaxmatining salohiyatini namoyon etish uchun katta imkoniyat.
Qisqasi, Samarqand – bu nafaqat boy tarix, balki kelajakni yaratayotgan zamin. Bu yerda amalga oshirilayotgan har bir tashabbus, ayniqsa, yoshlarning intellektual rivojiga qaratilgan ishlar ertangi kunning mustahkam poydevorini yaratadi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.