Yangi talabaga - yangi kitob: Kitobxonlikka yo‘l rektor e’tiboridan boshlansa...
Jurnalistlik kasbining o‘ziga xos tomonlaridan biri shundaki, ba’zan kichik bir uchrashuv ortidan katta g‘oya tug‘iladi. Yangi tashabbus, yangi qarash, jamiyat uchun kerakli bir savol yoki yechim paydo bo‘ladi. Ko‘rgan voqeangdan xulosa izlash, eshitgan fikring ortidagi ma’noni anglashga harakat qilish, balki bu “kasbiy odat”dir.
Joriy o‘quv yilida oliygohlardan birining kitobxonlar klubida “Savdogarlar ustozi” asari muhokamasida qatnashdim. Uchrashuv odatiy kitob tahlilidan farqli ravishda, yoshlarning o‘z xatolarini anglash va o‘zini tarbiyalash haqida ochiq suhbatga aylandi.
Muhokama davomida ishtirokchilardan biri aytgan fikr meni o‘ylantirib qo‘ydi.
Kitobdagi bir voqeadan so‘ng o‘zimni isloh qilish haqida o‘ylay boshladim, - dedi u. - Xususan, bog‘ni qo‘riqlab, xo‘jayinining ruxsatisiz biror marta ham uzum tatib ko‘rmagan Muborakning shaxsiyati tengdoshlarim uchun zo‘r ibrat. Zotan, uning halolligi sabab buyuk olim Abdulloh dunyoga kelgan ekan. Shuni o‘qib, darsdan so‘ng do‘konda ishlaydigan inson sifatida qalbimda "U zot shuncha yil bog‘ ichida yashab, xo‘jayinning haqidan qo‘rqib, bir dona ham uzum yemagan ekan, men-chi?" degan savol tug‘ildi. O‘shanda o‘z-o‘zimga: "Ey nafsim, sen hali o‘zingni juda ko‘p jihatdan isloh qilishing kerak ekan", dedim.
Birgina voqea insonning kundalik hayotiga shunday ta’sir qilishi mumkinligini ko‘rib, kitobning asl kuchini his qildim. Muhokama yakuniga yetgach, moderator yigit menga yuzlandi.
- Do‘stim, uzr, sizni birinchi marta ko‘ryapman. O‘zimizda o‘qiysizmi?
Men unga o‘zimni tanishtirdim.
- Yaxshi kelibsiz. Bir taklifim bor edi, qanday aytishni bilmay yurgandim, - dedi kulimsirab.
- Kitobxonlik tanlovini bilasiz-a? Respublika bo‘ylab o‘tkaziladi.
- Ha, bilaman.
- Uning tashabbuskori kim?
- Albatta, davlat rahbari, - dedim men.
- To‘g‘ri. Chunki Yurtboshimiz har birimizning kitobxon bo‘lishimizni istaydi. Agar imkonlari bo‘lsa edi, har bir yoshni bittalab rag‘batlantirib chiqqan bo‘lardilar…
- Endi tasavvur qiling! Har yili oliygohlarga minglab yigit-qizlar o‘qishga kiradi. Umumiy qaralsa katta raqamlar. Lekin alohida, oily ta’lim muassasalari kesimida qaralsa, bitta oliygoh talabalari safiga ko‘pi bilan 2-3 ming nafar yangi o‘quvchi qo‘shiladi. Agar ana shu 1-bosqichga qabul qilingan har bir talabaga rektor o‘z qo‘li bilan bitta kitob sovg‘a qilsa, bu qanday katta e’tibor bo‘lardi?
U biroz sukut qildi-da, davom etdi:
- Bu shunchaki kitob sovg‘asi emas. Yangi talabaning oliy ta’limdagi ilk kunlaridan boshlab unga berilgan ishonch, rag‘bat va tarbiyaviy ta’sir bo‘lardi. Balki, ayrim talabalar shu kitob orqali mutolaa qilishga qiziqib qolar.
Uning fikrida jon bor edi. Chunki ba’zan insonning kitob bilan do‘stlashuvi shahar markazidagi katta kutubxonalardan emas, kimdir bergan bir kitobdan boshlanishi mumkin.
- Bu gaplarni gazetada chiqarsangiz, kelasi o‘quv yilidan boshlab shunday tashabbusni boshlaydigan rektor yoki direktor topilar, — dedi u.
Bu taklif kitobxonlikni targ‘ib qilishning istiqbolli yo‘li bo‘lib tuyuldi, menga.
Otabek Umirov.