"Qozog‘im, sho‘rli yurtim!": Abay she’ridagi milliy dard, ma’naviy mas’uliyat va milliy o‘zlik

Bugun qozoq xalqining buyuk shoiri, mutafakkiri va ma’rifatparvar adibi Abay Qo‘nanboyev tavallud topgan. U 1845 yil 10 avgustda Qozog‘istonning Chingiztov rayonida tug‘ilgan. 

Abay taxallusi bilan ijod qilgan shoir xalqning tarixiy taqdiri, ma’naviy qiyofasi, ijtimoiy hayoti va milliy kelajagi haqida chuqur mulohaza yuritgan.

Uning she’riyatida xalqni ulug‘lash bilan bir qatorda, ichki illatlarini ayovsiz tanqid qilish, jaholat va manfaatparastlikka qarshi chiqish, birlik va ma’rifatga da’vat etish kuchli mavqega ega. Ana shunday asarlardan biri «Qozog‘im, sho‘rli yurtim!» mazmunidagi murojaat bilan boshlanadigan mashhur she’ridir. Uning o‘zbek tiliga shoir Mirtemir tomonidan qilingan tarjimasi Abayning milliy dardini, achchiq kinoyasini va xalq taqdiriga bo‘lgan chuqur mas’uliyatini o‘zbek kitobxoniga ta’sirchan yetkazadi.

She’rning dastlabki misrasidanoq Abayning xalqiga bo‘lgan munosabati namoyon bo‘ladi:

«Qozog‘im, sho‘rli yurtim, vayron yurtim!»

Bu oddiy murojaat emas. «Qozog‘im» so‘zidagi egalik qo‘shimchasi ham shoirning xalq bilan munosabatini yanada yaqinlashtiradi. U «qozoqlar» yoki «xalq» demaydi, balki «Qozog‘im» deydi. Bu shaklda daxldorlik, mehr, mas’uliyat va dard birlashgan.

«Sho‘rli», «vayron», «hayron», «sarson» so‘zlari esa xalqning holatini bosqichma-bosqich ochib beradi:

Qozog‘im, sho‘rli yurtim, vayron yurtim!
Qorong‘uda yo‘l topmay, hayron yurtim!
Yomon bilan yaxshini farq qilolmay,
Og‘zida ham qon, ham moy, sarson yurtim!

Bu oddiy sifatlar ketma-ketligi emas. Unda xalqning tashqi ahvolidan ichki ruhiy holatiga tomon rivojlanadigan ma’noviy harakat mavjud. Ayniqsa, «Qorong‘uda yo‘l topmay» ifodasi chuqur ramziy mazmunga ega. Bu yerda qorong‘ulik oddiy tabiiy holat emas, balki jaholat, ma’naviy noaniqlik, tarixiy yo‘lni anglay olmaslik timsolidir. «Yo‘l» esa hayot yo‘li bilan birga milliy taraqqiyot va to‘g‘ri ma’naviy yo‘nalish ma’nolarini ham ifodalaydi.

Shunday qilib, she’rning dastlabki to‘rt misrasida xalqning nafaqat iqtisodiy yoki siyosiy, balki ma’naviy holati ham tasvirlangan.

She’rda Abayni eng ko‘p tashvishga solayotgan masalalardan biri — xalqning yaxshilik bilan yomonlikni ajratish qobiliyatining susayishidir:

«Yomon bilan yaxshini farq qilolmay...».

Bu misra she’rning axloqiy markazlaridan biridir. Abay uchun jamiyatning tanazzuli, avvalo, mezonlarning buzilishidan boshlanadi. Agar xalq yaxshilik va yomonlikni, dono va nodonni, halol va manfaatparastni ajrata olmasa, uning ijtimoiy hayotida ham tartibsizlik kuchayadi.

Shu ma’noda:

«Donolarning hikmati pisand emas,
G‘ofil qolgan, adashgan o‘zing sening!»
misralari avvalgi fikrni yanada chuqurlashtiradi.

Bu yerda hikmat — ma’rifat, g‘aflat — jaholat, adashish — to‘g‘ri yo‘lni yo‘qotish semantik munosabatlari yuzaga keladi.

Abay xalqning kamchiliklarini shunchaki sanab o‘tmaydi. Ularning ildizini ko‘rsatadi: ma’rifatdan uzoqlashish, donolar so‘ziga quloq solmaslik va o‘zligini anglashga beparvolik.

She’rning keyingi bandlarida xalq hayotidagi ochko‘zlik, tamagirlik va xasislik keskin fosh qilinadi:

«Ochko‘zsan, tamakorsan, qurumsoqsan...».

Bu uchlikning o‘ziyoq kuchli baholovchi semantik qatorni hosil qiladi: ochko‘zlik → tamagirlik → qurumsoqlik.

Abayning tanqidi bu yerda alohida insonning fe’l-atvoridan ijtimoiy muhit darajasiga ko‘tariladi. Moddiy manfaat insonlararo munosabatlardan ustun qo‘yilgan jamiyatda birlik va hamjihatlik zaiflashadi. Buni quyidagi misralar yanada ochiq ko‘rsatadi:

«Elat bilan — elat yov boylik uchun,
Og‘a bilan — ini yov sillik uchun...».

Bu misralarda eng achchiq ijtimoiy haqiqatlardan biri — boylik va manfaat insonlar o‘rtasidagi tabiiy rishtalarni buzishi tasvirlangan.

Elat elatga, aka ukaga qarshi qo‘yilmoqda. Demak, iqtisodiy manfaat axloqiy va qarindoshlik munosabatlarini ham yemira boshlagan.

She’rning eng umumlashgan va hikmatli misralaridan biri:

«Birlik yo‘q, baraka yo‘q, buzildi fe’l...».

Bu yerda birlik va baraka bir-birini taqozo qiluvchi tushunchalar sifatida berilgan.

Xalq tafakkurida ham birlik va baraka o‘zaro chambarchas bog‘liq. Birlik — ijtimoiy kuch, baraka esa uning natijasi sifatida talqin qilinadi. Demak, Abayning fikricha, jamiyatning iqtisodiy yoki siyosiy muammolarini faqat tashqi omillar bilan izohlash yetarli emas. Agar uning ichki birligi buzilgan bo‘lsa, taraqqiyotga erishish qiyin.

«Buzildi fe’l» birikmasi esa masalani yanada chuqurlashtiradi. Muammo faqat jamiyatning tuzilishida emas, insonning fe’l-atvorida hamdir.

She’rning eng muhim lingvokulturologik birliklaridan biri «Qozog‘im» so‘zidir. Bu so‘z oddiy etnonim emas. Uning tarkibidagi egalik shakli shoir bilan xalq o‘rtasidagi bevosita ruhiy aloqani ifodalaydi. «Qozog‘im» — mening xalqim, mening yurtim, mening taqdirim degan ma’nolarni o‘zida mujassamlashtiradi.

Shu bois bu murojaatni lingvokulturologik jihatdan milliy daxldorlik konseptining verbal ifodasi sifatida talqin qilish mumkin.

Bu yerda shoir xalqni tanqid qilayotgan bo‘lsa-da, undan ajralmaydi. Aksincha, uning dardi xalqning dardiga aylanadi.

She’rning boshida «Qorong‘uda yo‘l topmay...» degan ifoda mavjud. She’r oxirida esa «Bir yo‘lchi topilmasmi sarson elga,
Men izlay, men axtaray, men so‘roqlay...»
, degan misralar keladi.

Bu ikki nuqta o‘rtasida juda muhim semantik aloqa mavjud. Boshida yo‘l yo‘qotilgan, oxirida esa yo‘l izlanmoqda.

Demak, yo‘lni yo‘qotish → sarsonlik → yo‘lchi izlash → yo‘l topishga intilish she’rning ichki g‘oyaviy harakatini tashkil etadi.

«Yo‘lchi» ham bu yerda oddiy yo‘lovchi emas. U xalqni jaholat va parokandalikdan chiqaradigan ma’rifatli, dono va mas’uliyatli shaxs ramzidir.

She’rni faqat xalqning kamchiliklarini fosh etuvchi asar sifatida baholash uning mazmunini toraytirib yuboradi.

Abayning achchiq tanqidi zamirida xalq taqdiriga befarqlik emas, aksincha, kuchli milliy mas’uliyat mavjud. Buni «Men izlay, men axtaray, men so‘roqlay...», degan yakuniy misralar juda yorqin ko‘rsatadi.

Shoir «ular izlasin» demaydi. «Men izlay» deydi.

Shu nuqtada she’rning lirik qahramoni xalqning oddiy kuzatuvchisidan uning ma’naviy taqdiri uchun mas’ul bo‘lgan shaxs darajasiga ko‘tariladi. Bu - Abay poetikasining eng kuchli jihatlaridan biridir.

Xulosa o‘rnida aytganda, Abay Qo‘nonboyevning «Qozog‘im, sho‘rli yurtim!» she’ri xalqning kamchiliklarini sanab o‘tuvchi oddiy tanqidiy asar emas. Unda bir xalqning tarixiy taqdiri, ma’naviy iztirobi, ichki parokandaligi va kelajakka bo‘lgan xavotiri mujassamlashgan.

Shoir xalqiga mehr bilan murojaat qiladi, ammo bu mehr uni haqiqatni yashirishga majbur qilmaydi. Aksincha, haqiqiy muhabbat ba’zan achchiq haqiqatni aytish jasoratini ham talab qiladi. Abayning xalqni tanqid qilishi ana shunday ma’naviy jasoratning ifodasidir.

She’rning boshidagi «Qozog‘im» murojaati bilan oxiridagi «Men izlay, men axtaray, men so‘roqlay» satri o‘rtasida butun bir ma’naviy yo‘l mujassam: shoir xalqining dardini ko‘radi, uning adashganini anglaydi, bundan iztirob chekadi va nihoyat yo‘l izlash mas’uliyatini o‘z zimmasiga oladi.

Shuning uchun Abayning bu she’ri faqat XIX asr qozoq jamiyatining manzarasi emas. Undagi birlik, ma’rifat, axloqiy mezon, milliy mas’uliyat va xalq taqdiri haqidagi fikrlar umuminsoniy mazmun kasb etadi.

Abayning buyukligi shundaki, u xalqini faqat qanday bo‘lsa, shunday tasvirlab qo‘ymaydi; uni qanday bo‘lishi kerakligi haqida o‘ylashga majbur qiladi. Shu bois «Qozog‘im, sho‘rli yurtim!» she’ri milliy darddan tug‘ilgan, ammo insoniyatga tegishli bo‘lgan ma’naviy saboq darajasiga ko‘tarilgan asardir.

Ibodulla Mirzayev,

SamDU professori.