Kuylamoqqa arziydi Vatan!

Vatan... Bu so‘zni tilga olgan zahotiyoq qalbimizda ta’rifga sig‘mas bir tuyg‘u uyg‘onadi. Go‘yo yurakning eng nozik torlari chertilib, vujudimizdan beixtiyor titroq o‘tadi.

Vatan deganda ko‘nglimiz nega to‘lqinlanadi, nega ko‘zlarimizda alohida bir nur paydo bo‘ladi? Chunki Vatan — biz tug‘ilgan tuproq, ilk qadamlarimiz izi qolgan ostona, ona allasi singgan muqaddas zamin, taqdirimiz va borlig‘imiz bilan chambarchas bog‘liq buyuk tushunchadir.

Shu bois ham o‘zbek adabiyotida Vatan mavzusi azaldan eng yuksak va eng ardoqli mavqeni egallab keladi. O‘zbekiston xalq shoirlari Hamid Olimjon, Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Usmon Azim, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf va yana ko‘plab ijodkorlarimiz qalamidan Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, ona zaminga daxldorlik tuyg‘usi betakror misralarda taralgan. Ularning har bir satrida yurt dardi, yurt quvonchi, Vatan taqdiriga daxldorlik hissi sezilib turadi.

Gapning indallosini aytganda, Ona Vatanni jon-dilidan sevmaydigan inson bo‘lmasa kerak. Zero, inson qayerda tug‘ilganidan, qanday kasb egasi yoki qanday maqomda ekanidan qat’i nazar, qalbining bir chetida Vatan degan muqaddas tuyg‘uni asraydi.

Mana, hademay Vatanimiz mustaqilligiga ham 35 yil to‘ladi. Bu tarix uchun bir lahza bo‘lishi mumkin, ammo biz uchun ozodlikning, o‘zligimizni anglashning, yurt qadrini yanada chuqur his etishning salmoqli bir davridir. Shu qutlug‘ sana arafasida men ham oddiy bir fuqaro, oddiy bir ijodkor sifatida Ona Vatanga bo‘lgan mehr va ehtiromimni o‘zimcha ifoda etgim keldi.

Qalbdan chiqqan tuyg‘uni ba’zan uzundan-uzoq izohlash shart emas. Bir necha misra ham insonning butun borlig‘ini ifoda etishi mumkin. Shu niyatda, Vatan haqida bitgan she’rlarimdan birini aziz o‘quvchilarga havola etishni joiz deb bildim. Zero, Vatanni maqtashdan ko‘ra, uni chin dildan sevish, uning qadrini his etish va inson degan ulug‘ nomni munosib ravishda oqlash muhim. Ammo shu muqaddas tuyg‘uni so‘zga solish, uni she’rga ko‘chirish ham qalb uchun bir ehtiyoj.

KUYLAMOQQA ARZIYDI VATAN

Maqtovlari garchi rostmana,
Maddohlarni suymas hech jinim.
Meni dildan alqagan - onam,
Onámga teng emas hech kimim.

Duogo‘yim, erdilar - otam,
Farzand nomin oqladimmi yo‘q.
Borligidan edim xotirjam,
Yarimmasdi, ko‘nlim edi to‘q.

Qalbimga yo‘l topmoq istagan,
Do‘stlar, bering menga dakkilar.
Maddohlarim xatosi ul-ki,
Xatoyimdan so‘z ochmaydilar.

Inson nomin oqlamoq sharaf,
Kim degay, bu hayot tarzimas?..
Haqni dilda zikr etar oni,
Bandasin madh etmoq farz emas.

Lek , yodi-la har tongda turib,
Bo‘lib go‘yo bir jon-u, bir tan,
Avj pardada jo‘rovoz bo‘lib,
Kuylamoqqa arziydi - VATAN!..

Shahriddin Umirov,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Ishtixon tuman bo‘linmasi bosh mutaxassisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.