Vashington bahosi shubha ostida: Eron zarbalari qanchalik samarali bo‘lgan?
BBC Verify loyihasi jurnalistlari sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va videolar tahlili asosida Eron urush boshlanganidan beri Yaqin Sharqdagi kamida 20 ta AQSh harbiy ob’yektiga zarba bergan, degan xulosaga keldi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Tehronning javob hujumlari avval rasmiy Vashington tomonidan aytilganidan ko‘ra ancha aniq va samarali bo‘lgan.
AQSh ma’muriyati Eronning harbiy salohiyati deyarli yo‘q qilinganini bir necha bor ta’kidlagan. Biroq mustaqil tahlillar va sun’iy yo‘ldosh tasvirlari Amerika harbiy infratuzilmasiga sezilarli zarar yetkazilganini ko‘rsatmoqda. Ayrim baholashlarga ko‘ra, urushning dastlabki ikki haftasida AQSh bilan bog‘liq harbiy ob’yektlarga yetkazilgan zarar hajmi 800 million dollarga yaqinlashgan.
Tergov materiallariga ko‘ra, zarbalar Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Quvayt, Iroq, Iordaniya, Bahrayn va Umonda joylashgan ob’yektlarga yo‘naltirilgan. Ba’zi tahlilchilar hujumga uchragan AQSh ob’yektlari soni 28 tagacha yetishi mumkinligini bildirmoqda.
Ayni paytda AQSh va Eron o‘rtasidagi keskinlik saqlanib turibdi. So‘nggi kunlarda AQSh harbiylari Eronning radar va dron boshqaruv ob’yektlariga yangi zarbalar berganini ma’lum qildi. Tehron esa javob tariqasida AQSh foydalanadigan harbiy aviabazaga hujum qilinganini bildirdi. Shu bilan birga, tomonlar o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish va mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal etish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.
Hurmo‘z bo‘g‘ozida ham vaziyat tarangligicha qolmoqda. Dunyo neftining katta qismi tashiladigan ushbu strategik suv yo‘lida kemalar harakati hanuz cheklangan. AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda bo‘g‘ozdagi harakatni to‘liq tiklash masalasi muhokama qilinmoqda, ammo hozircha aniq kelishuvga erishilmagan. So‘nggi kunlarda mintaqada yangi harbiy to‘qnashuvlar qayd etilgan. Natijada neft bozorida beqarorlik kuchayib, jahon narxlariga bosim ortgan.